TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki 6-noyabr kuni tijorat banklarda jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Unga ko‘ra, tijorat banklar jismoniy shaxslar, shu jumladan yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar xalqaro to‘lov kartalaridan xorijiy valyutani sotib olishlari mumkin.
Valyuta ayirboshlash shoxobchalari nafaqat naqd xorijiy valyutalarni sotib oladi, balki xalqaro to‘lov kartalardagi valyutalarni ham xarid qiladi.
Xorijiy valyutani sotib olish va sotish kurslari tijorat banklari tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifni hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilanadi.
Tijorat banklar jismoniy shaxs yoki YaTTning xalqaro to‘lov kartasidagi chet el valyutasini operatsiya amalga oshiriladigan kundagi chet el valyutasini sotib olish kursiga muvofiq bajaradi.
Chet el valyutasi norezidentlardan sotib olinayotganda, ulardan pasport va valyutani chetdan olib kelinganligini tasdiqlovchi bojxona deklaratsiyasi yoki ularning xalqaro to‘lov kartalaridan bank terminali orqali yechib olinganligini tasdiqlovchi terminal cheki asosida sotib olinganda ma’lumotnoma beriladi. Mazkur ma’lumotnoma sarflanmay qolgan milliy valyutani chet el valyutasiga qayta almashtirish uchun asos bo‘ladi. Operatsiya summasi bojxona deklaratsiyasida nazarda tutilgan valyuta miqdoridan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, tijorat banklarga valyuta ayirboshlash operatsiyalarda rasmiylashtiriladigan ma’lumotnomalarni "Davlat belgisi" uyushmasiga murojaat qilmasdan, mustaqil ravishda tayyorlashga ruxsat berildi.