TOShKENT, 7 noya — Sputnik. MXX suyultirilgan gazni talon-taroj qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Xabarda aytilishicha, bir necha oy davomida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Sardoba, Guliston tuman aholisiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish bo‘yicha uzilishlar bo‘ladi.
Gaz yetkazib berilishiga mas’uliyat — "O‘ztransgaz" AJning Sirdaryo viloyati filiali bo‘lgan.
Yuzaga kelgan vaziyatni batafsil o‘rganib chiqish maqsadida MXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamenti hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
"O‘ztransgaz AJ Sirdaryo viloyati filiali rahbari Baxtiyor Eshonqulov, "Mirzaobod" gaz tarqatish shoxobchasi yetakchi mutaxassisi Elor Karimov, gaz quyuvchisi Jahongir Sultonov, shuningdek, viloyat gaz ta’minoti haydovchisi Erkin Butayev o‘zaro oldindan til biriktirib, jinoiy reja tuzishadi. Rejaga ko‘ra, aholi uchun mo‘ljallangan gazni Samarqand viloyati xususiy gaz quyish shoxobchalariga naqd pulga sotish ishlari amalga oshiriladi", — deb ta’kidladi Sputnik muxbiriga MXX vakili.
Talon-taroj qilishning rejasi oddiy. Jumladan, gaz tashuvchi avtomashina haydovchisi Erkin Butayev Qashqadaryo viloyati "Shurtanneftgaz" korxonasidan gazni olib, qaytayotganda yo‘l yo‘lakay gazni Samarqand viloyatidagi xususiy gaz quyish shoxobchalariga naqd pulga sotib yuboradi.
"Jinoiy harakatlar natijasida olinganpullarni haydovchi "Mirzaobod" gaz tarqatish shoxobchasi yetakchi mutaxassisi Elor Karimovga beradi. Karimov o‘z navbatida korxona rahbari Baxtiyor Eshonqulovga beradi. Korxona rahbari olingan pullarni barcha ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlab keladi. Haydovchi har bir qatnovdan 600 ming so‘m, Karimov va Sultonov esa 1,5 milliondan 3 million so‘mgacha olishgan. Qolgan pullar esa Eshonqulovda qoladi", — deydi MXX xodimi.
Talon-taroj qilish holati yashirish maqsadida gaz ballonlarning ma’lum bir qismi, to‘liq to‘ldirilmagan holatda aholiga yetkazilgan.
MXX tezkor xodimlari haydovchi Erkin Butayevni jinoyat ustida qo‘lga olishadi. Butayev navbatdagi 20,2 tonna gazni Samarqand viloyati xususiy gaz quyish shoxobchalariga sotayotgan paytda qo‘lga olindi. Keyinchalik gaz tashish mashinasi hujjatlarni tekshirish maqsadida Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani "Sardoba" postida to‘xtatiladi. Mashina salonida 23,8 million so‘m va 1 ming dollar borligi aniqlandi. Ular ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yiladi.
Dastlabki tergov davomida joriy yil may-oktabr oylari davomida jinoyatchilar tomonidan noqonuniy ravishda 265 tonna suyultirilgan gazni Samarqand viloyatidagi xususiy gaz quyish shoxobchalariga sotib yuborishgan ekan. Buning oqibatida davlatga 486 million so‘m ziyon yetkazilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament mintaqaviy boshqarmasi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 — (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209 — (mansab soxtakorligi) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.