TOSHKENT, 24 okt — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi 125 — sonli jismoniy rivojlanishda nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirishgan maktab-internatida davlat byudjet pulini oʻzlashtirish holati fosh etildi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
MXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasiga ushbu taʼlim muassasida davlat va hayriya pullari oʻzlashtirilayotganligi haqida maʼlumotlar kelib tushdi.
Buning natijasida maxsus maktabda moliyaviy-xoʻjalik faoliyati va sanitariya-gigiyena holati boʻyicha kompleks tekshiruv boshlandi. Ushbu maktab-internatda 148 nafar nogiron bolalar tarbiyalanadi va 49 nafar xodim ishlaydi.
"Tekshiruv davomida maktab direktori va tuman kengashi deputati 53 yoshli Tursun Kazakova oʻz lavozimini suiisteʼmol qilgan holda hujjatlarni qalbakilashtirish yoʻli bilan byudjet mablagʻlari va hayriya yordam pullarini oʻzlashtirish ishlari bilan shugʻullanib kelganligi aniqlandi. Kazakova 2004 yildan bu taʼlim muassasasida rahbarlik vazifasini bajarib kelgan. Ushbu muddat davomida oʻtkazilgan taftish natijasida 677,4 million soʻmlik moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlandi. Davlat mablagʻlari asoslanganman holda mukofot pullari va boshqa qoʻshimcha toʻlovlarga berib yuborilgan", — deb taʼkidlandi xavfsizlik xizmati vakili.
Bundan tashqari, tekshiruv davomida Kazakova 2015-2016 yillar mobaynida turli moliyaviy hiyla-nayranglar qilgan holda davlat byudjetiga 100 million soʻm miqdorida ziyon yetkazgan. Jumladan, noqonuniy ravishda oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun moʻljallangan pullarni naqdlashtirgan, shuningdek, turli lavozimlariga "oʻlik jonlar"ni rasmiylashtirib, ularga hisoblangan oylik maosh pullarini oʻzlashtirgan. Shuningdek, malaka oshirish kurslardan oʻtmagan alohida oʻqituvchilarga noqonuniy ravishda malaka darajasi uchun qoʻshimcha pullar hisoblangan.
Internatda bolalar uchun ovqat tayyorlash va tarqatish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari, mahsulotlarni saqlash sharoitlari talablariga rioya qilinmagan.
Tursun Kazakova deputatlik daxlsizligida mahrum etilib, unga nisbatan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167 — modda (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209 — moddasi (mansab sohtakorligi) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻstonliq tumani sudi tomonidan fuqaro Tursun Kazakova davlatga yetkazilgan ziyonni qoplaganligini hisobga olib, unga har oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga toʻlash sharti bilan 2 yil muddatda ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.