TOShKENT, 6 noya — Sputnik. Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi Joqorg‘u Kenesh deputati Omurbek Babanovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri prokuratura matbuot-xizmatiga tayangan holda.
Bu yerda gap Babanovning O‘sh shahri "Amir Temur" mikrorayoni aholisi bilan 28-sentabr kuni o‘tkazgan saylovoldi tashviqotlari haqida bormoqda, deydi muxbir.
Bosh prokuratura izohiga ko‘ra, "Yig‘ilganlar oldida nutq so‘zlar ekan, Omurbek Babanov, aholi orasida o‘zbeklardan ko‘proq ovoz olish maqsadida, o‘zbek millatiga mansub shaxslarning huquqlari poymol etilayotgani, mamlakatda mavjud millatlararo tengsizlik hamda davlat organlari tomonidan o‘zbek millatiga mansub shaxslarga nisbatan bo‘layotgan bosimlar to‘g‘risida fikrlarini bildirgan va shundan so‘ng yig‘ilganlarni ushbu holatga nisbatan faol tarzda qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan".
Qayd etilishicha, filologik-siyosiy ekspertiza Babanovning omma oldida so‘zlagan ushbu nutqida millatlararo nizo qo‘zg‘ash, odamlarni amaldagi hokimiyatga itoatsizlik qilishga undash va uni ag‘darishga qaratilgan da’vatlar borligini aniqlagan.
Bundan tashqari, Davlat sud-ekspert xizmati xulosasiga muvofiq, Omurbek Babanovning elektron ommaviy axborot vositalarida chop etilgan ushbu chiqishida montaj holatlari aniqlanmagan.
Babanovning tarafdorlari, "Tiz cho‘kib yurgandan ko‘ra, tik turib o‘lgan ma’qul" degan jumla Omurbek Babanov tomonidan ma’lum bir nomzodga ovoz berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan majburlash holatlaridan qo‘rqmaslikka chaqirish maqsadida aytilgan, degan fikrni bildirishganiga qaramay, fuqarolarning ma’lum qismi Babanovning ushbu so‘zlaridan darg‘azab bo‘lishgan.
Babanovning shtabi esa ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu videolavha montaj mahsuli ekani haqida bayonot berishgan edi.
Omurbek babanov ishi ayni vaqtda qo‘shimcha tergov qilish uchun Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasiga yuborilgan.