TOShKENT, 6 noya — Sputnik. 6 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan "Kompleks test markazi" ochilishi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Koreyaga ishga ketishni xohlaganlarni ro‘yxatga olish va imtihon qilish shartlari ma’lum qilindi, deb xabar qilmoqda "Xalq so‘zi" nashri.
Jeton uchun imtihon kuni band qilinganidan so‘ng imtihon topshiruvchi "Kompleks test markazi"ga borib, ro‘yxatdan o‘tadi va 87 500 so‘m miqdoridagi pulni to‘lab, kompyuter orqali testdan o‘tadi.
Savollar matn va audio testlardan iborat bo‘lib, ularning soni jami 30 tani tashkil etadi. Imtihon uchun 40 daqiqa vaqt beriladi. 40 daqiqa tugagach, avtomat ravishda imtihon to‘xtatiladi.
Test natijalari bo‘yicha nomzodlar reytingi tuziladi. Bunda berilgan 40 daqiqadan qancha oldinroq imtihon topshirib bo‘linishi muhim ahamiyatga ega. Deylik, imtihon savollariga 20 daqiqa ichida to‘liq javob bergan odam 40 daqiqada barchasini to‘g‘ri yechgandan ko‘ra oldingi o‘rinlarni egallaydi.
KTM testini topshirish uchun to‘langan pul qaytarilmaydi.
Imtihon topshirib bo‘lgandan keyin darhol uning natijalarini bilish mumkin. Reytingdagi o‘rinni esa test topshirilgandan 10 kun keyin Agentlik rasmiy saytidagi shaxsiy kabineti orqali bilish mumkin.
Turli sabablarga ko‘ra KTM imtihon natijalaridan qoniqmaganlar 20 kun ichida apellyatsiyaga berishlari mumkin. Appelyatsion arizani faqatgina imtihon topshirgan shaxs berishi mumkin.
KTM imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlar reyting asosida EPS-TOPIK imtihonida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birgalikda, EPS-TOPIK imtihonlarini o‘tkazish shartlari ham o‘zgargan. Endilikda EPS-TOPIK imtihon malaka testini ham o‘z ichiga oladi. Ya’ni, test savol-javoblaridan keyin koreyalik mutaxassislar suhbatidan o‘tish talab qilinadi.
"Kompleks test markazi" — mustaqil tashkilot bo‘lib, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 138-uyda joylashgan. Mo‘ljal: Respublika Qon quyish markazi, "Aziya Tashkent" mehmonxonasi. Jamoat transportlari: №38, 40, 57, 58, 126, 132-avtobus yo‘nalishlari.
Imtihonga elektron qurilmalar, har qanday kanselyariya mahsulotlari, kitoblar, lug‘atlar, bloknotlar olib kirish taqiqlanadi. Savol-javob vaqtidan o‘rindan turish, gaplashish va boshqa ortiqcha harakatlarni qilish mumkin emas. Har bir stol atrofi to‘siq bilan o‘ralgan bo‘lib, yuqoriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.
KTM imtihoni uchun ro‘yxatdan o‘tish 7-noyabrdan, imtihonlar esa 13-noyabrdan boshlanadi.