TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekistonda o‘z-o‘zini moliyalashtirishga asoslangan nodavlat budjetdan tashqari notariuslarni joriy etish rejalashtirilmoqda. 2018-yil 1-yanvardan boshlab davlat notarial idoralari nodavlat idoralarga aylantirib boriladi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Hujjatga ko‘ra, notarial idoralarni moliyalashtirishning adolatli sharoitlarini yaratish orqali notariuslarning o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatishlariga erishish rejalashtirilgan.
Bahssiz da’volar bo‘yicha sud qarorlarini chiqarish amaliyotini qisqartirish hisobiga qarzdordan pul mablag‘lari va mol-mulkni undirish to‘g‘risidagi notariuslar ijro qaydlarini joriy etishni kengaytirish belgilangan. Bu sud tizimida ish hajmining sezilarli darajada qisqarishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Notarial palatasini ta’sis etish va barcha notariuslarning unga majburiy ravishda a’zo bo‘lishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Nodavlat palata notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Farmon loyihasida 2018-yil 1-iyulidan O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va kanalizatsiya bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotnomalarni taqdim etish haqidagi talab bekor qilinadi. Zarur ma’lumotlar faqatgina idoralararo elektron aloqani qo‘llash yoki kommunal qarzdorlikni qoplash to‘g‘risida tomonlarning yozma xatini olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Biroq ushbu yo‘nalishda vaziyat o‘zgarmadi. 2017-yilning o‘zida 67 nafar xodimlarga nisbatan turli huquqiy ta’sir choralari qo‘llanildi. Jumladan, 5 nafar notarial idora xodimlari bo‘shatilgan va 27 nafar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, yaqinda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov ijobiy natijalarni bermadi. So‘rovda qatnashgan odamlar notarial idoralarda uzoq vaqt va ko‘p mablag‘ yo‘qotilishi, notarius xodimlarining kamligi, sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi va yetarli malakasi yo‘qligini ma’lum qilishgan.
So‘rovda qatnashganlarning 60 foizi notarial idoralar noqonuniy faoliyat ko‘rsatishlari va preyskurantda belgilangan narxlardan ko‘p mablag‘ olinishini bayon qilishgan.