TOShKENT, 3 noya — Sputnik. O‘zbekiston ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda, shuningdek imtihonlarni olishda undiriladigan to‘lovlar stavkalari tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida to‘lov to‘lanadi.
Avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnomani berish uchun esa eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida to‘lov to‘lash lozim.
Yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki o‘g‘irlangan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.
Yo‘qotilgan avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma dublikatini berish uchun eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Yo‘qotilgan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma dublikatini berish uchun belgilangan to‘lov stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi.
Haydovchilik guvohnomasini berish uchun to‘lov eng kam ish haqining 20 foizidan 70 foiziga oshirildi.
Yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasi o‘rniga vaqtinchalik ruxsatnoma berish uchun eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida to‘lov to‘lanadi.
Yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki o‘g‘irlangan haydovchilik guvohnomasi o‘rniga dublikatini, shu jumladan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va (yoki) uning taloni o‘rniga yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.
Yo‘qotilgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va (yoki) uning taloni o‘rniga yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini berish uchun eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida to‘lov undiriladi;
Yo‘qotilgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi o‘rniga dublikat berish uchun eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 17-oktabrdan boshlab yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari berish boshlandi. Yangi namunadagi guvohnomalar maxsus himoya vositalariga ega bo‘lib, maxsus elektron belgi (NFC)ga ham ega. Yangi guvohnomalar barcha xalqaro meyorlarga javob beradi va ulardan boshqa mamlakatlarda foydalanish imkonini beradi.