TOShKENT, 19 okt — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Joriy yil oktabr oyidan boshlab berilayotgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari jahon standartlari talablariga javob beradi, dedi jurnalistlarga payshanba kuni o‘tkazilgan brifingda Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot-xizmati xodimi.
"Joriy yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangi turdagi milliy haydovchilik guvohnomasini qabul qilish haqidagi qarori e’lon qilingan edi. Mazkur qaror asosida joriy yil oktabr oyidan haydovchilik guvohnomasi berilishi boshlandi. Guvohnoma narxi eng kam ish haqining 70 %i miqdorida, ya’ni 104 842 so‘m 50 tiyinni tashkil qiladi", — dedi brifing davomida Toshkent shahar IIBB YHXBBB matbuot-xizmati xodimi.
Eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun fuqarodan pasport, tibbiy ma’lumotnoma, haydovchilik kurslarini tugatganligi to‘g‘risida hujjat hamda eski haydovchilik guvohnomasini olib borish talab etiladi. Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi 2021-yilning oktabr oyigacha amal qiladi.
Ta’kidlash joizki, birinchi bosqichda yangi turdagi haydovchilik guvohnomalari yangi haydovchilarga (bitiruvchilarga) Fayzobod dahasidagi Mirobod tumani IIBBning ro‘yxatga olish va imtihon olish bo‘limida beriladi. Ikkinchi bosqichda Yunusobod va Chilonzor tumanidagi IIBB bo‘limlari ham maxsus kommunikatsya texnologiyalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.