TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Baku xalqaro dengiz savdo portida Baku — Tbilisi — Kars (BTK) temir yo‘li ochilish marosimi o‘tkazildi, deb xabar qildi Sputnik Ozarbayjon.
Ochilish marosimida Ozarbayjon prezidenti Ilxom Aliyev va uning rafiqasi Mexribon Aliyeva, Turkiya prezidenti Radjap Tayib Erdo‘g‘on va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘on, shuningdek, Qozog‘iston, Gruziya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari — Bakitjon Sagintayev, Georgiy Kvirikashvili va Abdulla Aripov qatnashdi.
Ochilish marosimida Ozarbayjon prezidenti Ilxom Aliyev nutq so‘zladi. U BTK temir yo‘l ochilishi bilan ishtirokchilarni qutladi. Anjumanda Turkiya, Gruziya, Qozog‘iston, O‘zbekiston bosh vazirlari, shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston vakillarini ishtirok etishi loyihaning mohiyatidan dalolat bermoqda.
"Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘li — Yevropa va Osiyo o‘rtasida eng ishonchi va qisqa yo‘ldir. Ko‘pchilik ushbu loyihaning muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonchsizlik bilan qarashgan, lekin Ozarbayjon, Turkiya va Gruziya buni amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi", — deb ta’kidladi prezident Aliyev.
Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili so‘zlariga ko‘ra, bugungi ushbu mintaqa turli tahdidlarga duch kelmoqda. Shuningdek, Baku — Tbilisi — Kars loyihasi barqarorlikka intilgan bo‘lib, unga alohida diqqat bilan e’tibor berilishiga loyiqdir.
Shu bilan birga, Gruziya bosh vaziri Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya halqaro yuk tashishlarni rivojlantiradigan yangi transport loyihalariga e’tibor berilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Turkiya prezidenti o‘z nutqida, bugungi kunda Sharq — G‘arb va Yangi Buyuk ipak yo‘lining muhim transport tarmog‘ining ochilganligini aytib o‘tdi.
"Men bu loyiha mintaqaga va xalqlarimizga foyda keltirishini tilayman", — dedi prezident Erdo‘g‘on.
Baku — Tbilisi — Kars temir yo‘li Ozarbayjon-Gruziya-Turkiya davlatlararo bitim asosida qurilgan. 2008-yilda loyihani amalga oshirishga kirishilgan. Loyiha doirasida Gruziyaning Axalkalaki stansiyasidan Kars shahridagi temir yo‘l stansiyasigacha bo‘lgan temir yo‘l qayta tiklandi. Yo‘lning umumiy uzunligi — 826 kmni tashkil qiladi.
Axalkalaki — Kars qismi yo‘lning 105 kmni tashkil qiladi. Ulardan 76 km Turkiya hududidan, 29 km Gruziya hududidan o‘tadi. Shu bilan birga, Axalkalaki — Tbilisi temir yo‘l qismi rekonstruksiya qilindi.
Temir yo‘lni foydalanishga topshirish tufayli Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya o‘rtasida tashqi savdo aylanmasini yiliga 10 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yangi temir yo‘l orqali yiliga million yo‘lovchilarni va 6,5 million tonna yuk o‘tkazish imkoniyati mavjud. Kelgusida ushbu ko‘rsatkichlar yo‘lovchilar — 3 million va yuklar — 20 million tonnaga yetkaziladi.