TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Namangan viloyati MXX boshqarmasi tezkor xodimlari va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda maxsus operatsiya o‘tkazildi. Buning natijasida bir nechta yirik valyutafurushlar qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, Namanganda 59 yoshli Jaloliddin Mo‘ydinov va 26 yoshli Fayzullo Abuazizov 6,9 ming dollarni 56,3 million so‘mga sotayotganda qo‘lga olindi. Ko‘zdan kechirish natijasida ularning yonida 17 ming Rossiya rubli va 10 ming qozoq tangasi borligi aniqlanib, barcha valyutalar olib qo‘yildi.
Yana bir holat — Namangan viloyati To‘raqurg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 49 yoshli Komiljon Yusupov 4,9 ming dollarni 40,1 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan.
Bosh prokuratura departamentining viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qiymatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda MXX maxsus operatsiyalar natijasida o‘nlab noqonuniy xorijiy valyutasi savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qo‘lga olindi. Bu chora-tadbirlar natijasida respublikada "valyuta qora bozori" faoliyatini sezilarli kamaytirishga erishildi.