TOShKENT, 16 okt — Sputnik. O‘zbekiston harbiy qismlarida askarlar uchun maxsus tayyorlov kurslari tashkil qilinmoqda. Ushbu kurslarda tahsil olish harbiylarga kelajakda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini taqdim etadi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Rejaga muvofiq, askarlar 5 ta fandan ortiq bo‘lmagan jami 190 soatdan iborat o‘quv kurslarida tahsil oladilar. Shu bilan birga bitta fanga ajratiladigan vaqt 50 soatdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Askarlarga harbiy qismlar oldida joylashgan oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus va umumiy ta’lim hamda mutaxassislik muassasalari o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar o‘tkaziladi. Shu o‘rinda o‘qituvchilarni harbiy qismga olib kelish va olib borib qo‘yish vazifasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilgan.
Dars o‘tish jarayonida jonbozlik ko‘rsatgan o‘qituvchilarning lavozim maoshlariga maxsus 50 foizlik ustama haq qo‘shiladi.
Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligiga zudlik bilan harbiy qism kutubxonalarini kerakli adabiyotlar va elektron qo‘llanmalar bilan ta’minlash vazifasi berilgan.
Yana bir qiziq tomon shundaki, aholi turar joylaridan 50 kmdan ortiq masofada joylashgan harbiy qismlarda o‘quv mashg‘ulotlari masofaviy tarzda — audio va video ma’ruzalar shaklida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, dunyoning yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda chop etilayotgan hisobotlarda O‘zbekiston Qurolli kuchlari MDH davlatlari orasida eng zo‘r armiya sifatida tan olib kelinadi. Xususan, Global Firepower ekspertlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 50 armiyasi ro‘yxatiga kiritilgan va bu bilan Markaziy Osiyodagi eng qudratli harbiy derjava nomiga sazovor bo‘lgan.