TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekiston rahbari energetika sohasi vakillari bilan isitish mavsumiga oid muammolar hamda Majburiy ijro burosi faoliyatini muhokama qildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari, respublika bosh prokurori, "O‘zbekenergo", "O‘ztransgaz" kompaniyalari rahbarlari, mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor aholi, ishlab chiqarish obyektlari, ijtimoiy muassasalarni tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, bu boradagi to‘lovlarning amalga oshirilishi, bugungi holat va muammolarga qaratildi.
Xususan, Bosh prokuratura huzurida yaqinda tashkil etilgan Majburiy ijro burosi hisobot topshirdi.
Buroning asosiy vazifalari foydalanilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni keskin kamaytirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashdan iborat.
Majburiy ijro burosining faoliyati natijasida joriy yilning iyun-sentabr oylarida 5 trillion 400 milliard so‘m qarzdorlik undirildi. Uning 3 trillion 400 milliard so‘mi elektr energiyasi, 2 trillion so‘mi tabiiy gaz hisobiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan davrda davlat budjetiga 171 milliard so‘m zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 182 jinoiy holat aniqlangan va ularga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilgan.
Ammo "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" tizimida yangilikka intilishning yetishmasligi, o‘zibo‘larchilik va talon-tarojlik holatlari mavjudligi hamon bu sohada muammolar saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida ayrim sohalar rahbarlarining ishga sovuqqon munosabati, hamon uchrayotgan eskicha qarashlar mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, bunday holatlarga o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rish, ishni tashkil etishda yangicha yondashuvlarni hayotga tatbiq etib borish vaqti kelganini ta’kidladi.
Prezident yig‘ilishda Majburiy ijro burosi faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish, sanoat tarmoqlari mutasaddilari, mahalla faollari bilan hamkorlikni kengaytirish kabi muhim vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berdi.