TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti magistral tarmoqlar nimstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha investitsion loyihaning texnik-iqtisodiy shartlarini tasdiqladi, deb xabar bermoqda nuz.uz. Qiymati 292,15 mln dollar bo‘lgan mazkur loyiha 2017 — 2022-yillarda amalga oshiriladi.
Jahon banki ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra, loyihaga ko‘ra Toshkent shahri va 10ta viloyatdagi 22ta muhim ahamiyatga ega nimstansiyalarning rekonstruksiya qilinishi texnik yo‘qotish va ekspluatatsiya xarajatlari kamayishi hisobiga energetika sektori samaradorligini oshiradi.
Loyiha doirasida magistral elektr uzatish tarmoqlaridagi uzilishlarni zudlik bilan bartaraf etishga mo‘ljallangan 110 kilovolt/o‘rta kuchlanishli ko‘chma nistansiyalar sotib olish ko‘zda tutilgan. Mazkur yangi texnologiya milliy energiya tizimining mustahkamligini oshirish imkonini beradi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida magistral elektr tarmoqlarining ishonchliligi ortadi, iqtisodiyot sohasi va aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.
Investitsion loyiha "O‘zbekenergo" AJ manbalari ($75,35 mln), Xalqaro rekonstruksiya va taraqqiyot banki zayomi ($ 92 mln), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi krediti ($58 mln) orqali moliyalanadi.
O‘zbekistonning ulushi soliq va bojxona imtiyozlari ko‘rinishida 66,8 mln dollarni tashkil etadi.