TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Telefon va televizor olib qo‘yilgach qarz bir kunda to‘landi, deb xabar qilgan majburiy ijro burosi Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi Hasan Pardayev "Zarafshon" nashriga.
Xabarda Bosh prokuratura huzurida majburiy ijro burosi tashkil etilgach, kommunal qarzdorlikni kamaytirishda ijobiy natijaga erishilayotgani qayd etilgan.
Jumladan, Samarqand shahri Istiqbol ko‘chasida yashovchi B.Ibragimovga tabiiy gazdan 1 704 871 so‘m qarzdor ekani sababli chaqiruv qog‘ozi yuborilgan va rasmiy ravishda ogohlantirilgan. Fuqaroga qarzni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun berilgan besh kunlik muddatda ham qarz to‘lanmagach, qarzni undiruv fuqaroning mol-mulkiga qaratilgan. Qarzdorga tegishli maishiy va elektr jihozlar xatlanib, dalolatnoma tuzilgan va realizatsiya maqsadida olib qo‘yilgan.
Shundan so‘ng fuqaro qarzlarini bartaraf etib, "Samarqandshahargaz" filiali hamda davlat foydasiga keltirgan zararni qoplagan.
Fuqaro bir necha yildan buyon qolib ketayotgan barcha qarzlarini va davlatga keltirgan zararini to‘lagan.
2017 yil 1-iyul holatiga ko‘ra Samarqand viloyatida elektr energiyasidan qarzdorlik 328 milliard, tabiiy gazdan 299 milliard so‘mdan oshgan. Majburiy ijro burosi viloyat boshqarmasining asosiy vazifalaridan biri ana shu qarzdorlikka aniqlik kiritib, uni bartaraf etishdan iborat.