TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Vladimir viloyati Pokrov shahri yaqinida YTHda jabrlangan 36 nafar o‘zbekistonliklarning har biriga "Rossiya temir yo‘llari" OAJ hisobidan 5 ming rubldan tovon puli to‘landi, deb xabar qildi O‘zbekiston FVV matbuot-xizmati.
Ayni vaqtda jabrlangan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelingan.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Andijon, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hokimlariga bergan topshirig‘iga asosan YTH oqibatida vafot etgan fuqarolarning oilalariga ijtimoiy yordamlarni ko‘rsatish ishlari amalga oshirilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Vladimir viloyati gubernatori S.Y.Orlovga, Petushin tumani ma’muriyati va Pokrov shahrining milliy diasporasiga, Rossiya Federatsiyasining FVV vaziri V.A.Puchkov hamda Vladimir viloyatidagi Rossiya FVVning Bosh boshqarmasi boshlig‘i V.A.Belozerovga, shuningdek yuzaga kelgan muammolarni hal etishga va jabrlanuvchilarni vatanga qaytarishga har tomonlama yordam bergan boshqa vazirlik va idoralarga chuqur minnatdorlik bildiradi", — deyilgan FVV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6-oktabr kuni Moskva vaqti bilan soat 03:39da Vladimir viloyatining, Petushin tumanidagi Pokrov temir yo‘l stansiyasida poyezd va avtobus to‘qnashuvi sodir bo‘lgan. YTH natijasida 15 nafar O‘zbekiston fuqarolari vafot etgan.
Vladimir viloyati ma’muriyatining ko‘magida, FVV, IIV mutaxassisilari, Rossiya Federatsiyasining Tergov komiteti, TIV vakillari, O‘zbekiston Elchixonasi va O‘zbekistondan yuborilgan maxsus guruh tomonidan jabrlanganlarning hamda vafot etganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish borasida zarur tadbirlar amalga oshirilidi.
Barcha rasmiy ishlar yakunlangach, Rossiya FVV avtotransportida jabrlanganlar hamda vafot etganlarning jasadlarini "Jukov" shahridagi aeroportga yetkazish ishlari tashkillashtirildi.
Joriy yilning 8-oktabr kuni Harbiy havo kuchlarining maxsus bortida jabrlanganlar hamda vafot etganlarning jasadini Termiz, Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlariga yetkazish ishlari amalga oshirildi. Sirdaryo va Samarqand viloyatidan bo‘lgan jabrlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi FVV avtomobil transportlarida Toshkent shahridan o‘z uylariga olib borildi.