TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi hamda Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugining tog‘-o‘qchi bo‘linmalari hamkorligidagi maxsus taktik o‘quv mashqlari yakunlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, mashg‘ulotlarning so‘nggi kunida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘tish murakkab bo‘lgan tog‘li hududlarda noqonuniy qurollangan kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha aksilterror operatsiyasini amalga oshirishdi.
Bugungi zamon jangining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan va real harbiy harakatlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan mashqlarda birlashgan qo‘mondonlik tomonidan qo‘yilgan o‘quv jangovar topshiriqlarini O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy Havo kuchlari va artilleriya bo‘linmalari, O‘zbekiston va Rossiya harbiy okruglarining tog‘-o‘qchi bo‘linmalari bajardi.
Olingan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra rejalashtirilgan harakatlar davomida shartli dushmanning moddiy ta’minot bazalari, texnika vositalari va boshqa kuchlari batamom yakson qilinib, garovga olinganlar ozod qilindi.
— Mashqlarda ko‘zlangan maqsadlarga erishildi, — deydi mayor Azamat Jabborov. — Bo‘linmalar harakatlari jarayonida eng samarali usullarni qo‘llashga, o‘quv jangovar vazifalarni kam vaqt va kuch sarflab bajarishga harakat qildik. Safdoshlarim va qo‘l ostimdagi harbiy xizmatchilarning shu davrgacha bo‘lgan mashg‘ulotlarda murakkab relyef va noqulay iqlim sharoitlarida jangovar harakatlarni olib borish ko‘nikmasining oshirib borilgani bizga juda qo‘l keldi.
Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, murakkab tog‘ sharoitida noqonuniy qurollangan kuchlarni yo‘q qilish bo‘yicha o‘tkazilgan hamkorlikdagi mashqlarning tantanali yopilish marosimida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Turdenev, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari — Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Pavel Ergashev, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi shtab boshlig‘i o‘rinbosari general-mayor Rustam Minnekayev ishtirok etdi.
Aksilterror operatsiyasida qo‘yilgan o‘quv jangovar topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajargan harbiy xizmatchilar — O‘zbekiston tomonidan mayor Azamat Jabborov, mayor Xurshid Mamadaliyev, kichik serjant Habibullo Xolboyev, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Doston Mamatov, Rossiya tomonidan vzvod komandiri katta leytenant Sergey Baromiko, serjant Buyan Kenden, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Amir Kilik taqdirlandi.
Rossiya Federatsiyasining Tiva Respublikasidan kelgan harbiy xizmatchilar madaniy tadbirlar davomida Samarqand shahrida ham bo‘ldilar.
Rossiya Federatsiyasi harbiy xizmatchilari shu kuni ortga qaytdilar.