TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Bugun Rossiya-O‘zbekiston harbiy o‘quv-mashg‘ulotlari doirasida Jizzax viloyatidagi "Forish" poligonida "Yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘ sharoitida qurollangan bandalarga qarshi aksilterror operatsiyalar o‘tkazish" mavzusida harbiy-ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni o‘rinbosari podpolkovnik Po‘lat Sotvoldiyev, hamda okrugning bo‘lim va boshqarma boshliqlari harbiy operatsiya o‘tkazishda tog‘ sharoitlari qanday ta’sir qilishi haqida gapirishdi.
Seminardan so‘ng ikki mamlakat harbiylari ishtirokida namoyish-tayyorlov o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda podpolkovnik Zuhriddin Raximov boshchiligidagi tog‘-o‘qchi brigadalari qurolli hujumlarni oldini olish va ulardan himoyalanish uslublarini namoyish qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va O‘zbekiston harbiylari "Forish" poligonida 2005-yilda ham birgalikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishgan edi. Bu safargi tajriba almashishda Rossiya Markaziy harbiy okrugi Tiva Respublikasida joylashgan tog‘-o‘qchi brigadalar ishtirok etdi.