TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati operativ xodimlari Toshkent shahri va viloyatida qator narkoguruhlar va taqiqlangan modda tarqatuvchilar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha maxsus operatsiyalar o‘tkazishdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Xususan, giyohvand moddalar tarqatish bo‘yicha tarmoq tashkil etgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Guruh tashkilotchilaridan biri poytaxtning Shayxontohur tumanida yashovchi 32 yoshli tadbirkor Abduvosil Xolmatov bo‘lgan.
"MXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida Xolmatov va uning xususiy kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi 44 yoshli sherigi Nosir Tolipov "Matiz" mashinasida ketayotganida Toshkent viloyatining "Qorasuv" yo‘l-patrul xizmati postida to‘xtatildi. Mashina tekshiruvdan o‘tkazilganida uning havo filtri bo‘shlig‘ida ichida 516 va 105 gramm afun bo‘lgan ikkita o‘ram topildi", — dedi MXX vakili.
Xolmatov giyohvand moddani Bekobod tumani hududida Abdurahmon ismli tojikistonlik shaxsdan olganini bildirdi.
Yana bir operatsiya chog‘ida Toshkentda giyohvand modda tarqatish bilan shug‘ullanishda gumon qilinayotgan to‘rt kishi hibsga olindi.
"Olingan ma’lumotlar asosida ilgari sudlangan, kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 36 yoshli Jamshid Mamadaliyev ushlandi. U birga turadigan ayolning uyidan 8,5 gramm afun, marixuana va 1400 dollar topildi. Mamadaliyevning ko‘rsatmalari asosida MXX xodimlari uning ilgari sudlangan uch sherigi: 45 yoshli Xudoyor Bekmatov, 43 yoshli Botir Alimov va 45 yoshli Jahongir Abdurahmonovni qo‘lga olishdi. Abdurahmonovga tegishli "Kaptiva" avtomobilida sotishga tayyorlab qo‘yilgan 4 gramm afun borligi aniqlandi", — dedi kuch ishlatish tizimi vakili.
Qo‘lga olinganlar o‘z faoliyatlarini tadbirkorlik niqobi ostida amalga oshirishgan. Masalan, Alimov foydalanilgan mashinalar oldi-sotdisi bilan, Abdurahmonov esa tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.
Yana bir operatsiya Olmaliq shahrida o‘tkazildi. Kelib tushgan ma’lumot asosida operativ xodimlar 55 yoshli Georgiy Kimni qo‘lga olishdi. Uning yonidagi sumkadan ichida 24 gramm marixuana bo‘lgan to‘rtta gugurt qutisi topildi.
46 yoshli Abduhamid G‘afurovning 36 gramm marixuana sotishga uringan chog‘da qo‘lga olinishi hamda yonida 15 gramm marixuana bo‘lgan Solijon Xolmatovning ushlanishi maxsus operatsiyaning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Huquqni muhofaza qilish organlari yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, tergov ishlari davom etmoqda.