TOShKENT, 18 sen — Sputnik. MXX xodimlari giyohvand moddalar tayyorlangan uy faoliyatiga chek qo‘ydilar, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Ushbu uyda noqonuniy faoliyatini hech qayerda ishlamaydigan 52 yoshli Natalya Cherepovskaya va uning eri 49 yoshli Nazar Tojiboyev tashkil qilishgan. Qo‘lga olinganlarning ikkovi ham besh martadan giyovandlik bilan bog‘liq turli jinoyatlar, shuningdek, firibgarlik, o‘g‘rilik bo‘yicha sudlangan.
"Er xotin o‘z uylarida giyohvand moddalarni tayyorlash va bangixona tashkil qilganlar. U yerda ular turli narkotik moddalar: morfin, kodein, opiy moddalarni tayyorlash, iste’mol qilish va sotish ishlari bilan shug‘ullanishgan. Tezkor xodimlar ushbu uyda 37 yoshli Erkin Parpiyev va 38 yoshli Igor Kimni qo‘lga olganlar. Ular ushbu uyda giyovand moddalarni sotib olib iste’mol qilishgan", — deb ta’kidladi Sputnik muxbiriga organ xodimi.
Dastlabki tergov jarayonida shu ma’lum bo‘ldiki, Cherepovskaya va Tojiboyev o‘z uyida ikki yil davomida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelishgan.
O‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, olib qo‘yilgan morfin, kodein va opium giyohvandlik moddasi ekanligi tasdiqlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Cherepovskaya va Tojibayevga nisbatan Jinoyat kodeksining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.