TOShKENT, 18-avgust — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi MXX xodimlari Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan respublika hududiga yirik miqdordagi narkotik modda olib kirilishining oldini olishdi. Bu haqda "Podrobno.uz" xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, 12-avgust kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan "Mash’al" blokpostida MXX xodimlari tomonidan marg‘ilonlik Solijon Botirov boshqaruvidagi 40F383NA davlat raqamli "Neksiya" mashinasi to‘xtatildi.
Avtomashina saloni ko‘zdan kechirilganida O‘sh viloyati Aravon tumanida yashovchi Qirg‘iziston fuqarosi Dilshod Dilmurodov o‘tirgan old o‘rindiq ostida skotch bilan o‘ralgan sellofan xalta borligi aniqlandi. Ekspertiza chog‘ida xalta ichidagi modda gashish giyohvandlik moddasi ekanligi va og‘irligi 1 kilo 618 grammligi aniqlandi.
Dastlabki surishtiruv chog‘ida D.Dilmurodov ushbu giyohvandlik moddasini Farg‘ona viloyati hududida sotish uchun olib kirishga uringanligini bildirdi.
Shuningdek, narkotik Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi Baxtiyor Iskandarovga berilishi mo‘ljallanganligi aniqlandi va bu shaxs ham qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.