TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining 30-sentabrda qabul qilingan, 5198-sonli farmoniga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim muassasalari vazirligi tashkil qilindi.
Quyida prezident farmonining ayrim banlari bilan tanishingiz mumkin:
“1.O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim muassasalari vazirligi tashkil etilsin. Toshkent shahri Maktabgacha ta’lim muassasalari Bosh boshqarmasi, viloyatlar boshqarmalari va tumanlarda ularning bo‘limlari tashkil qilinsin”, — deyilgan prezident qarorida.
3.Respublikada mavjud bo‘lgan davlatga tegishli barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini, ularning qanday muassasaga qarashli bo‘lishidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim muassasalari tizimiga o‘tkazilsin.
5.Respublika maktabgacha ta’lim muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi asosida Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malka oshirish Instituti tashkil qilinsin.
6. Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalariga kadrlar belgilash uchun ikki oy vaqt ajratilgan.
Ushbu prezident qarori ko‘zlagan maqsadlardan biri — maktabgacha ta’lim sohasida davlat va xususiy muassasalar orasida sog‘lom va yaratuvchan raqobat tashkil qilishdir.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda 4916 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Yuqorida keltirilgan choralar qabul qilishga so‘nggi yillarda ushbu sohada to‘planib qolgan muammolar sabab bo‘lgan.
Masalan, oxirgi 20-yil davomida bog‘chalar soni 45%ga kamaygan. Ayni damda bog‘chaga borayotgan bolalar umumiy bolalar sonidan 30%ni tashkil qiladi. Shu bilan bir vaqtda, bog‘chalarning moddiy-texnik bazasi zamon talablariga javob bermay qolgan.
Shuningdek, bugungi maktabgacha ta’lim tizimida turli yo‘nalishda tuzilgan rivojlanish dasturlari ishlamayapti. Bolalarning ijtimoiy-shaxsiy, atrof-muhit bilan tanitish, emotsional, nutqiy, matematik va ijodiy yo‘nalishlarda rivojlanishini ta’minldovchi ta’lim modellari yo‘q.
Yana bir katta muammo – bugungi bog‘chalarda ishlayotgan kadrlarning aksariyati o‘rta-maxsus ta’lim darajasiga ega. Bu esa bolalarni kerakli darajada maktabga tayyorlash imkonini bermaydi.