TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarga qutlov yo‘lladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.
"Bugun ushbu qutlug‘ ayyomni mamlakatimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘’tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz.
Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi", — deyilgan tabrik matnida.
Prezident Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini, ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi avvalo ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan uzviy bog‘liqligini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng, Mirziyoyev ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni tilga olib, shu kunlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati, "Astronomiya va aeronavtika" bog‘i tashkil etilayotgani, hech shubhasiz, mamlakatda ta’lim sifatini jahon standartlari darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishini e’tirof etgan.
"Ayni vaqtda biz ta’lim-tarbiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab dolzarb vazifalar turganini yaxshi anglaymiz va ularning yechimi ustida doimiy ish olib boramiz", — va’da bergan prezident.
Siz, azizlarning ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni munosib qadrlash uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyormiz.
Sizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!", — deya o‘z tabrigiga yakun yasagan Mirziyoyev.