TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekiston hukumati 2017-yil paxta terimiga o‘qituvchilar va shifokorlarni jalb qilishni ta’qiqladi, deb xabar qilmoqda Mehnat vazirligi.
"2017 yilgi paxta terimi mavsumida balog‘atga yetmagan yoshlarni hamda mehnat vazifasini o‘tayotgan tibbiyot va maorif sohalari xodimlarini jalb qilish mutlaq man etiladi", — deyilgan xabarda.
Vazirlar Mahkamasining qarori 8-avgust kuni chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ommaviy paxta terimi mavsumi sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keladi. Oldingi yillarda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va shifokorlarni paxta terimiga jalb qilinayotgani bir necha OAVlarda xabar berilgan edi.