TOShKENT, 29 sen — Sputnik. "O‘ztreyd" xalqaro tashqi savdo kompaniyasi va Amerikaning Amazon korporatsiyasi hamkorlik haqida kelishuv imzoladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
"O‘ztreyd" kompaniyasi boshqaruvi raisi Sharof Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni elektron tijoratning barcha ustun jihatlarini, ayniqsa ikki mamlakat orasidagi masofa juda ulkan bo‘lgan sharoitda yaxshi tushunadi.
"Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida Amerikaning Amazon korporatsiyasi bilan kelishuv imzoladik. Nyu-Yorkdagi savdo uyimizning barcha omborxonalari hozirda to‘lig‘icha o‘zbek tadbirkorlari va korxonalari mahsulotlari uchun ajratilgan, biz bu mahsulotlarni elektron savdo maydonchasiga joylashtiramiz. Kelajak elektron tijorat bilan bog‘liq, shu bois bu yo‘nalishni o‘zlashtirib boramiz", — dedi Rahmonov.
O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Elor G‘aniyevning fikricha, savdo uyining asosiy vazifasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlar mahsulotlarining Amerika bozoriga kirishini ta’minlashdir.
"O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi davomida kichik biznes subyektlari ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha 20 million dollarlikdan ortiq shartnomalar imzolandi. Uzoq masofa va jiddiy transport xarajatlari bo‘lishiga qaramasdan Amerika bozorida bizning mahsulotlarga qiziqish mavjud. O‘zbekiston mahsulotlari raqobatbardosh va AQSh bozorida ham shunday bo‘lib qoladi. Shuning uchun Nyu-York markazida, Manxettenda savdo uyi tashkil qildik. U biznesimizning barcha vakillari uchun ochiq", — dedi vazir.
Hozirda Amazon kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikning turli variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Masalan, uning sho‘’ba korxonasi Amazon Web Services respublika hududida quyosh panellari o‘rnatilgan ma’lumotlar markazini qurishi, mahalliy foydalanuvchilar uchun o‘z platformalari orqali veb-xizmatlarni taqdim etishi mumkin.