TOShKENT, 22-avgust — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi huzuridagi "O‘ztreyd" kompaniyasi Dehlida savdo uyini ochdi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri vazirlik matbuot xizmatiga tayanib.
Yangi savdo uyi eksport hajmini oshirish va Hindiston bozoridagi mavqeni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
"Mazkur tuzilma doirasida doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan shourum ko‘rinishidagi savdo ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Unda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan iste’mol va oziq-ovaqt mahsulotlari namoyish etiladi", – dedi vazirlik matbuot xizmatidagi manba.
Bundan tashqari, bugun Dehlida O‘zbekiston va Hindiston delegatsiyalari o‘rtasida biznes-forum o‘tkazildi. Unda savdo-iqtisodiy hamkorlik, o‘zaro mahsulot yetkazib berish tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tadbir doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va tashqi savdo vaziri Elor G‘aniyev Hindiston biznes delegatsiyasi vakillari bilan O‘zbekistondan eksport mahsulotlari hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Tashrif natijalariga ko‘ra, "O‘ztreyd" kompaniyasi O‘zbekistondan Hindistonga 30 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.