TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Human Rights Watch Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti hozircha O‘zbekistonda o‘z faoliyatini tiklay olmaydi, deb xabar qildi inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori Akmal Saidov.
"Vakolatxonaning ochilishi masalasiga kelsak, O‘zbekiston Oliy sudining 2011-yilda chiqarilgan qarori bor, uni hech kim bekor qilmagan. Tabiiyki, bu eng oliy instansiya, biz bu masalani Adliya vazirligida huquqiy tomonlama hal etishimiz kerak", — deb ta’kidlagan markaz rahbari.
Saidovning so‘zlariga ko‘ra, bu huquqni himoya qiluvchi tashkilot a’zolari mamlakatga erkin tashrif buyura olmaydi, degani emas.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston HRW delegatsiyasini qabul qilishga tayyorligini aytgan va shundan so‘ng tashkilot mamlakat poytaxtiga tashrif buyurgan edi.
Tashrif doirasida O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash masalalari va bu jarayonda huquqni himoya qilish tashkilotlari roli borasida muhokamalar bo‘lib o‘tgan.
Human Rights Watchning Toshkentdagi ofisi 1996-yilda ochilgan. Xalqaro tashkilot respublikada inson huquqlari bilan bog‘liq holatlarni kuzatgan va tahlil qilgan. 2010-yilning dekabrida Adliya vazirligi HRWning mamlakatdagi vakolatxonasini yo‘q qilishni so‘rab, O‘zbekiston Oliy sudiga arznoma yo‘llagan. 2011-yilning iyun oyida ushbu arznoma qanoatlantirilgan.