TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ko‘plab guruhlarida 21-sentabr kuni soat 23:00da O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilganligi va unda 22-sentabr soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilganligi haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Xabarda shuningdek fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun aniq belgilangan chora-dasturlar va konsepsiya asosida aholi va "Fidoyi yoshlar otradlari" jalb qilishinishi bildirilgan.
Hozircha rasman tasdiqlanmagan ushbu xabar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Dili Nazarova ismli foydalanuvchi bu xabarga nisbatan "Nahotki, ishonch qolmagan", deb fikr bildirgan.
Bekzod Daniyarov esa "…Endilikda fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun aniq belgilangan chora-dasturlar va konsepsiya asosida aholi va "Fidoyi yoshlar otradlari" jalb qilinadi." Fidoyi yoshlar otradlari — talabalarku!", — deb izoh qoldirgan.
"Xo‘p, lekin qachonligi ko‘rsatilmabdi-ku, qaytariladi degan so‘z keng ma’noli-ku?", — degan Azamat Sidikov.
"Ko‘pam shoshilmanglar, ko‘pam xursand bo‘lmanglar, "Fidoyi yoshlar otradlari", baribir terasizlar o‘sha paxtani", — degan Jo‘rabek Murodov.
Bundan tashqari, internet foydalanuvchilari hazilomuz izohlar ham yozishgan:
"Ana surpriz mana surpriz. Ana kir yuvadigan mashinayu, mana televizor!", — deb yozgan Denis Arslanov.
Ushbu xabar rostligini tasdiqlayotgan foydalanuvchilar ham bor.
Gul Samandarova "Toshkent oliy ta’lim muassasalari bugun shaharga qaytishmoqda", — deb yozgan.
"Farg‘ona universiteti qaytmoqda, dushanbadan o‘qish", deb yozgan Elbek Khoshimov.
"Zo‘r, mening o‘g‘lim ham qaytapti"- deb yozgan Jahon Isroilov.
"Dushanbadan studentlarga o‘qish ekan. Bugun e’lon qilishdi Agrar universitetga", — deb izoh yozgan Firuza Pulatova.
Ayrim foydalanuvchilar ushbu xabarga salbiy fikrlar ham yozishgan:
Zamira Shermatova "Mayliku-ya ammo paxtamizni terishga kim yordamlashadi, fermerni terib olishi kiyin yog‘ingarchilik bo‘lib qolsa, qanday bo‘ladi paxta iftixorimiz bo‘lsa?", — deb yozgan.
"O‘zi ikki oylik yig‘im-terim bo‘lsa, shunga shuncha dod farod va mashmasha!", — deb yozgan Ikram Sabirov.
Gulnoza Salohiddinova esa "Hamma oq oltinni terishga yordam berishi kerak, chunki u milliy boyligimiz-ku", — deb izoh qoldirgan.