TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Paxta mavsumi boshlanishi arafasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayevga besh kun muddatda defoliatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtiruvchi respublika ekspert ishchi komissiyasini, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va tumanlarda ekspert ishchi komissiyalarni shakllantirish vazifasi yuklatilgan.
Qishloq xo‘jalik vaziriga shuningdek, defoliatsiya ishlari o‘tkazilishi yuzasidan qat’iy va doimiy nazoratni ta’minlash hamda agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish borasida belgilangan muddatlar va meyorlarga rioya etishni ta’minlamayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini ko‘rish topshirilgan.
Hujjatda joriy yilning 31-avgustigacha bo‘lgan muddatda fermer xo‘jaliklari bo‘yicha defoliatsiya o‘tkaziladigan maydonlarni aniqlash va har bir tumanni defoliantlar bilan ta’minlash hamda ularni alohida ajratilgan joylarda tayyorlash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, defoliatsiyani tashkil etish va maqbul muddatlarda o‘tkazish tadbirlarini — "yo‘l xarita"larini ishlab chiqishi belgilangan.
Shuningdek, "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi "O‘zagrokimohimoya" AJ buyurtmanomalari bo‘yicha g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish uchun samolyotlar ajratsin va ularning 31-avgustgacha mintaqalarga yetib borishini ta’minlashi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi defoliatsiya o‘tkazilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatadi hamda defoliantlarni qo‘llash meyorlariga rioya etilishi va defoliatsiyaning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratadi.
""O‘zneftmahsulot" AJ yonilg‘i-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda purkagichlar va samolyotlar ishlarini ta’minlash uchun g‘o‘zani defoliatsiya qilish davrida ularning belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etishi belgilansin", — deyiladi hujjat matnida.
Prezident mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, "O‘zagrokimohimoya" AJ raisi U.A.Axunov zimmasiga yuklagan.