TOShKENT, 4-avgust — Sputnik. Qoraqalpog‘istonda Majburiy ijro burosining Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi inspektorini urgan fuqaro qamoqqa olindi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston xabar agentligiga tayanib kruz.uz xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Majburiy ijro burosining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi davlat inspektori S.Masharipov tumandagi "O‘rnek" MFYda yashovchi X.Qabulovning tabiiy gazdan jami 312 ming 331 so‘m miqdorida qarzi bor ekanligini aniqlagan.
Inspektor qarzni tez kun ichida to‘lash lozimligi haqida rasmiy talabnoma bergan vaqtida, uy egasi uni haqorat qilib, musht tushirgan va izidan quvib yetib tepgan.
Ushbu holat bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumani prokuraturasi tomonidan X.Qabulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi (ism-shariflar o‘zgartirilgan).