TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘zbekiston rahbari Xalqaro valyuta jamg‘armasi jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning yaxshilanishida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Lagard 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq iqtisodiy va tarkibiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bilan Mirziyoyevni qutladi.
Kristin Lagard O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilgani mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi oshishi, eksport hajmi kengayishi, xorijiy va xususiy investitsiyalarning ko‘payishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda valyuta islohoti jarayonida davlat organlari va tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlash, savdodagi tariflarni kamaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Excellent meeting today with Uzbek Pres. Mirziyoyev. Discussed ambitious reform agenda & IMF’s partnership in this effort pic.twitter.com/tuQHn63WXV
— Christine Lagarde (@Lagarde) 19 sentabrya 2017 g.
Davlat budjetini profitsit bilan bajarish, soliq ma’murchiligi va davlat statistikasi sohasini tubdan yaxshilash, bank tizimining barqarorligini ta’minlash, tashqi savdo siyosatini erkinlashtirish kabi navbatdagi vazifalarga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston bilan Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamkorligini kengaytirish, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi texnik ko‘maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar berish orqali O‘zbekiston moliya tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Joriy yil may oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Xalqaro valyuta jamg‘armasida valyuta siyosatini isloh qilish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgandi. Iyul va sentabr oylarida Jamg‘arma missiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 2-sentabrda O‘zbekiston prezidentining "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingandi.