TOShKENT, 15 sen — Sputnik, Anton Kurilkin. Markaziy Osiyoda oliy darajadagi uchrashuvlar soni keskin oshdi — o‘tgan oylar davomida O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston prezidentlari xalqaro tashkilotlar maydonlarida hamda ikki tomonlama muzokaralar shaklida bir necha martalab uchrashdilar.
Munosabatlarning faollashuvi va bunday uchrashuvlarda Tojikiston rahbari Emomali Rahmon nima uchun deyarli qatnashmayotganligi Sputnik O‘zbekiston muxbiri tahlilida.
Diplomatiya muvaffaqiyatlari
O‘tgan yil davomida eng faol yetakchi Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi — O‘zbekiston prezidenti Qozog‘iston va Turkmanistonga ikki martadan bordi, dam olish kunlari esa Toshkentda Nursulton Nazarboyev bilan, so‘ngra Ashxobodda Gurbanguli Berdimuhammedov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Oktabrda O‘zbekistonga Mirziyoyevning qirg‘izistonlik hamkasbi Almazbek Atambayev tashrif buyuradi. Bu prezidentlarning keyingi yil ichidagi uchinchi uchrashuvlari bo‘ladi.
Bu rahbarlar so‘nggi vaqtda xalqaro tadbirlar maydonlarida — Shanxay hamkorlik tashkiloti, IHT va MDH sammitlarida ham uchrashdilar.
Muhokamalarning asosiy mavzusi iqtisodiy va siyosiy hamkorlik hamda umumiy muammolarni hal qilish bo‘yicha rejalar tuzish — masalan, chegara punktlari faoliyati, savdo-sotiq tizimini soddalashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish kabilar bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi davomida prezidentlar bir nechta investitsion shartnomalar: GES qurilishi va ikkita yo‘l — temir yo‘li va avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha hujjatlar imzoladilar.
Qozog‘istonga tashrif ham muvaffaqiyatli bo‘ldi: muzokaralar yakuniga ko‘ra qozoq-o‘zbek biznes forumlari turkumi boshlandi.
Ikki tomonlama muloqotlar mintaqa uchun g‘ayrioddiy shartnomaga olib keldi — harbiy texnika yetkazib berish. Qozog‘istonning Kazakhstan Paramount Engineering kompaniyasi 15-sentabr kuni O‘zbekistonga minaga qarshi himoyaga ega zirhlangan avtomobillar yetkazib berishini e’lon qildi.
Turkmanistonga tashriflar ham samarali yakunlandi: Mirziyoyevning ikki tashrifi natijalariga ko‘ra mamlakatlar hamkorlik borasida bir nechta shartnomalar imzoladi, alohida korxonalar esa transchegaraviy sheriklikni yo‘lga qo‘ydi.
Toshkent o‘rnak bo‘lmoqda
Keyingi bir yil davomida Markaziy Osiyodagi davlatlar munosabatlaridagi vaziyat keskin o‘zgarib ketdi va MDH mamlakatlari instituti Markaziy Osiyo bo‘limi mudiri Andrey Grozinning Sputnik Tojikistonga aytishicha, bunga Toshkentdagi rahbariyatning o‘zgarishi sabab bo‘lgan.
"Vaziyat sezilarli ravishda sog‘lomlashmoqda. Agar bugungi holat bilan bundan ikki yil avvalgi holatni solishtiradigan bo‘lsak, farq yer bilan osmoncha. Toshkentning qo‘shnilar bilan munosabatlaridagi keskinlik yumshadi va bu mening fikrimcha, Shavkat Miromonovichning faol pozitsiyasi tufayli yuz berdi", — dedi Grozin.
Ekspertning aytishicha, O‘zbekistonning yangi prezidenti barcha bilan faol muloqot qilmoqda — ko‘plab safarlarga chiqmoqda, ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazmoqda va hattoki ko‘plab ziddiyatlar bo‘lgan Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ham muloqot qilmoqda hamda bahsli holatlarni yechishga harakat qilyapti.
Umuman olganda, Grozinning ta’kidlashicha, ayrim muammolar — suvdan foydalanish, aniqlanmagan chegaralar, anklavlar, tovar almashishdagi muammolarga qaramasdan, oldinga siljish bo‘lmoqda, vaziyat esa yaxshi tomonga o‘zgara boshladi.
Umumiy trenddan esa faqatgina Dushanbe tushib qolmoqda: ekspertning aytishicha, bu birinchi navbatda Rahmonning tashqi siyosatdagi strategik hisob-kitoblari bilan izohlanadi.
"Nazarimda, Dushanbe oqilona tashkil etilmagan tashqi siyosati sababli umummintaqaviy jarayonlardan tashqarida qolib ketdi. Shuning ortidan tojik-o‘zbek munosabatlari qotib turibdi", — deb qo‘shimcha qildi Grozin.
Buning ustiga, tomonlar munosabatlarni tiklashda kim "birinchi qadam"ni tashlashi lozimligini aniqlay olishmayapti.
"Tashabbus kim tomonidan chiqishi so‘roq ostida. Toshkent "koptok" Dushanbe tomonida deb hisoblamoqda. Tojikiston poytaxtidagilar esa aksincha hisoblashmoqda — ayniqsa, O‘zbekiston Bishkek bilan yaxshi munosabat o‘rnata olishini ko‘rsatganidan keyin", — xulosa qildi ekspert.
Kuch birlikda
Mintaqada ikki tomonlama munosabatlarning faollashuvi iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik bilan bir qatorda xavfsizlikka tahdidning ortishi bilan ham izohlanadi, deb hisoblaydi Lomonosov nomidagi MDU professori, siyosatshunos Andrey Manoylo.
"Xavfsizlik sohasidagi vaziyat keskinlashmoqda… Davlatlar rahbarlari jiddiy tahdidlar mavjudligini sezib turishibdi", — deydi ekspert.
Manoyloning fikricha, hozirda Tojikistonda murakkab ichki vaziyat hukm surmoqda — masalan, yuqori martabali ofitserlarning jangarilar tomoniga o‘tib ketishlari yuz berdi. Boshqa tarafdan, mamlakat chegarasini tojik harbiylari bilan birga Rossiya Qurolli kuchlarining 201-bazasi shaxsiy tarkibi qo‘riqlamoqda.
Manoyloning ta’kidlashicha, umuman olganda, Markaziy Osiyo rahbarlari nishon ostida alohida davlatlar emas, balki butun mintaqa turganligini juda yaxshi tushunishadi va shuning uchun xavfsizlik masalalari faqatgina birgalikda hal etish mumkin.