TOShKENT, 6 sen — Sputnik. Bugun, 6-sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlattashrifi nihoyasiga yetdi.
Prezident Almazbek Atambayev "Manas" xalqaro aeroportida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni vataniga kuzatib qo‘ydi.
Tadbirda ikki davlat rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirok etishdi.
Qirg‘iziston respublikasiga uyushtirilgan davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev tor va kengaytirilgan tarkibda ikki tomonlama muzokaralarni o‘tkazdilar.
Tomonlar 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligiga bag‘ishlangan qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevga va barcha qirg‘iz xalqiga o‘zbek delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik, iliq va do‘stona qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevga javob tariqasida davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lishni taklif qildi. Tashrifning aniq muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.