TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Xalq banki bankomatlari orqali berilgan naqd pul summasidan 1 foiz bank xizmati olinadi. Bu haqda Toshkent shahar filiali Xaql banki xodimi Sputnik muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
14 avgustdan boshlab Toshkentning Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida naqd pul yechib olish mumkin bo‘lgan bankomatlar ishga tushirildi. Har bir bozorda bittadan bankomat o‘rnatilgan edi.
Joriy yil 16-avgust kuni Xalq banki matbuot xizmati tomonidan bank saytidagi xabardan ko‘chirma keltiramiz:
"O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan poytaxtimizdagi 3 ta dehqon bozorlari hududida naqd pul olish imkoniyatini beruvchi bankomatlar joylashtirildi.<…> Bir kunda bitta plastik kartadan jami 100 ming so‘mgacha bo‘lgan naqd pul yechib olishi imkoniyatiga ega. Bankomatga 1 000, 5 000 va 10 000 so‘mlik kupuralar joylashtirilgan. Plastik kartadan naqd pul yechib olish jarayoni uchun foydalanuvchi 1,5-2 daqiqa sarflaydi, xolos. E’tiborlisi, naqd pul yechib olinayotganda plastik karta egasidan hech qanday komissiya to‘lovi undirilmaydi", — deb yozilgan xabarda.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Sputnik muxbiri Xalq banki Toshkent shahar filialiga qo‘ng‘iroq qildi.
Toshkent shahar filiali Xalq banki plastik bo‘limi xodimi 1 foiz komissiya to‘lovi joriy etilishi holatiga quyidagicha izoh berdi:
"Xalq bankining tarifiga asosan bank tomonidan bankomatdan plastik kartadan naqd pul yechilganda umumiy summadan 1 foiz komissiya to‘lovi joriy etildi. Xalq banki xizmat ko‘rsatgani uchun yechilgan summadan 1 foiz komission haq olamiz, misol uchun 50 ming yechsangiz 500 so‘m komission to‘lov olib qolinadi. Bankning xarajatlari bor: elektr, inkassatsiya xarajatlari. Bankomatlar bir kunda 2-3 marta pul bilan uzluksiz ta’minlanmoqda. Inkassatsiya xizmati pulni olib borib bankomatga qo‘ymoqda, benzin yoqilg‘i sarflanmoqda. Shuningdek, bankomatlar tinimsiz ishlashi uchun elektr toki ketmoqda. Shu bilan birga, bankomatlar eskirishi yoki buzilishi mumkin. Komissiyani belgilashda bu xarajatlar hisobga olindi", — deb ta’kidladi Xalq banki xodimi.
Shu bilan birga, bank xodimi sinov tariqasida qo‘yilgan bankomatlar yaxshi ishlab ketganligi, shuningdek yana qo‘shimcha bankomatlar tez orada o‘rnatilishini ma’lum qildi.