TOShKENT, 8 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Dushanba kundan ro‘y bera boshlagan "kutilmagan" yangiliklar hafta davomida O‘zbekiston fuqarolariga hamroh bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Avvaliga dollarning erkin konvertatsiyaga chiqarilishi haqidagi xushxabar, so‘ngra dunyoda Shahram G‘iyosovning "dunyodagi eng zo‘r bokschi" deb tan olinishi, sal o‘tmay dillarni ranjitgan mag‘lubiyat — milliy terma jamoaning JChga chiqish imkoniyatini boy berib qo‘yishi hamda shu munosabat bilan Samvel Babayanning iste’foga chiqarilishi, va nihoyat, "O‘zbegim" shousida Ginneslar rekordi kitobiga kiritilgan "Shoh-palov"…
"Qora bozor"ni sindirayotgan prezident farmoni
5 sentabrdan prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan mamlakatda chet el valyutalari erkin konvertatsiyasi joriy etildi. Sal o‘tmay Markaziy bank dollar rasmiy kursini "qora bozor"dan qimmatroq narxda — 1 dollar uchun 8100 so‘m qiymatida o‘rnatdi. Va ayni kunlarda O‘zbekistonning davlat va xususiy banklarida valyuta ayirboshlash shoxobchalari o‘z faoliyatini kech 22.00ga qadar amalga oshirmoqda.
Ayni vaqtda "O‘zbekiston havo yo‘llari", uyali aloqa kompaniyalari Mirziyoyev imzolagan farmon talablaridan kelib chiqqan holda o‘z ish uslublarini qayta ko‘rib chiqishmoqda. Narx-navoda, ko‘pchilik qo‘rqqanidek keskin "sakrash" ro‘y bermadi, aksincha, milliy aviakompaniya xalqaro yo‘nalishlarga chiptalar narxi bir oz arzonlashtirilishini e’lon qilgan bo‘lsa, GM Uzbekistan esa o‘z mahsulotlari narxi oshmasligini, aloqa kompaniyalari esa xizmatlar narxi 5-sentabrgacha bo‘lgan darajada qolishini ma’lum qilishdi.
Shu kecha kunduzda xalq dollarni bankda almashtirishni ma’qul ko‘rayotganini inobatga olsak, noqonuniy valyutachilar faoliyatiga katta nuqta qo‘yilishiga shubha bilan qarayotganlar adashdilar-ov, degan taxminlar paydo bo‘ladi.
Chegarani darvozaga aylantirgan tashrif
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga yo‘l olganini eshitgan o‘zbekistonliklarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda "ishqilib chegara muammolari hal etilarmikin" degan mazmunda savollarni ko‘p berdilar.
Mirziyoyevni quchoq ochib kutib olgan Atambayev, bu uchrashuv avval boshdanoq tarixiy bo‘lishini ta’kidladi.
Ikki prezidentning salom-aligi aks etgan videoni tomosha qilgan internet foydalanuvchilari esa Atambayev Mirziyoyevni qanday kutib olganini emas, O‘zbekistonning Birinchi xonimi go‘zalligini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari tor va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, hatto ekspertlarni hayratga solgan bayonotlar bilan chiqish qilishdi.
Ikki mamlakat "Qambar-ota" GESini birgalikda qurishi, chegaralar ochilishi, chegara oldi hamkorligi kuchaytirilishi, tovar almashuvi yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilindi. O‘zbek-qirg‘iz munosabatlarida haqiqatda yangi sahifa ochildi.
"Ket, Babayan, ket"
Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuvning "0:0" natijasi tufayli termaning Jahon Chempionatida qatnasha olmasligini salkam "insult" bilan hazm qilgan ashaddiy futbol ishqibozlari dastidan Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i ma’lum muddatga Babayanni qarg‘ash uchun tashkil qilingan keng maydonga aylangani, ayni haqiqat. Sal o‘tmay, Geynrix milliy terma jamoa safini tark etayotganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan foydalanuvchilar "qolganlar-chi?" deya savol berishdi.
Babayan o‘z iste’fosidan so‘ng futbol muxlislariga murojaat qilishga o‘zida kuch topdi va "ishonchni oqlay olmagani" uchun hammadan uzr so‘radi. Sobiq murabbiy terma jamoa uzoq kutilgan g‘alabalarga erisholmagani sababini — omad ularga boqmayotganida, deya tushuntirganday bo‘ldi.
2017 yil 12-sentabr kuni yangi prezidentni saylash bo‘yicha O‘FF konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Xullas, o‘zbek futbolini katta islohotlar kutapti.
Ginneslar rekordidan joy olgan "Shoh-palov"
Toshkentda "O‘zbegim" milliy qadriyatlar festivali doirasida o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan tayyorlangan 7 360 kilogrammlik palov Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin oldi.
Ayni vaqtda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i tadbir tashkilotchilariga ajoyib shou va rekord uchun minnatdorchilik bildirilgan postlarga to‘lib ketgan. Biroq…
Madaniy tadbirni tomosha qilishga kelib, "osh yo‘q" degan militsiya xodimlarini yeb qo‘yishga tayyor turgan fuqarolarning hatti-harakatlari keskin qoralanmoqda: jamoatchilik ko‘z o‘ngida osh va mevalarni talashib bir-biri bilan mushtlashishgacha borayozgan, hatto stol ustiga oyog‘i bilan chiqqan noma’lum ayollarning hatti-harakatlaridan hayratga tushganlar "bir mayizni qirq bo‘lib yegan o‘zbegim nahotki urushda o‘lib ketgan bo‘lsa?", degan mazmundagi izohlarni qoldirishmoqda.
Osh tayyor bo‘lishi bilan boshlanib ketgan tartibsizliklar tufayli "Shoh-palov" mehribonlik uylariga tarqatiladi, deya e’lon qilindi. To‘planganlar oshdan quruq qolishdi.
Yuz bergan ko‘ngilsizliklar afsusga arzigulik bo‘lsa-da, tashkilotchilarni rekord bilan tabriklab qolamiz!