TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Fransiya prezidenti Emanuel Makron Yevropa Ittifoqini isloh qilishni taklif etdi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilda yevropaliklar kutilayotgan o‘zgarishlarni muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.
Demokratiya vatani Afina shahriga uyushtirgan tashrifi davomida, u xususan yevrozona parlamentini tashkil etishni va unga yagona yevropa ro‘yxati bo‘yicha saylovlar o‘tkazishni taklif qilgan, deb xabar qildi RIA Novosti.
Makron o‘z nutqini grekcha boshlagan.
"Bu yerda 2500-yil muqaddam greklar demokratiyani kashf qilishgan. Bu yerda nutq so‘zlashning o‘zi — oliy sharaf", — degan grekchalab Makron. To‘planganlarga uning so‘zlari juda ma’qul tushib, chapak chalganlar. So‘ngra Makron fransuz tilida gapirishga o‘tgan.
"Men Yevropa kelajagi o‘z aksini topgan yo‘l xaritasini taklif etaman. Men yangicha uslubni taklif qilmoqdaman, bu o‘laroq yangi Yevropani faqat yopiq eshiklar ortida muhokama qilishmaydi. Biz barcha davlatlarda 2018-yilda yangi maqsadlarni qo‘yishimiz kerak va xalqlar o‘zlari muhokama qilishsin qanday Yevropa ularga kerakligini. Olti oy davomida fuqarolar yig‘inlari bo‘lib o‘tadi va istiqbolda birgalikda Yevropa va yevrozona parlamentiga saylovlar uchun ro‘yxatlar tuziladi", — degan Makron Yevropa omadsizliklariga ishora qilgan holda.
Makron shuningdek, Yevropadagi fuqarolar urushiga barham berishni va asrlar davomida odamlarni birlashtirib kelgan narsa — yevropa sivilizatsiyasini topish kerakligini ta’kidlagan.
Gretsiyadagi inqiroz — bu butun Yevropa muvaffaqiyatsizligi demakdir, degan Makron.
"Biz Yevropani qaytadan yaratish uchun o‘zimizda kuch topmog‘imiz kerak. Odamlar Yevropaga muhtoj, biz Yevropani yangilash uchun o‘zimizda kuch topishimiz kerak", — degan Makron.
Makron Yevropa Ittifoqini Gretsiyaga nisbatan birdamlik namoyish etishga chaqirgan.
Makron yangi Yevropa bilangina terrorizmga qarshi kurashib, yevropacha suverenitetni qo‘llab-quvvatlash, ammo oldin milliy suverenitet konsepsiyasini qaytadan aniq belgilab olish kerakligini ta’kidladi.
"Biz, yevropaliklar, turfa til va madaniyatga ega Vavilon fuqarolarimiz. Demokratiya, suverenitet, madaniyat — biz yoshlarga mana shu uch narsani taklif etishimiz lozim", degan Fransiya prezidenti va yagona Yevropa asoschilari haqida eslatib o‘tib, o‘zgarishlardan qo‘rqmaslikka chaqirgan.
"Fransiya tanlovi yanada qudratliroq Yevropani tashkil qilishga intilish va bu borada o‘z qarashlarini muhokama qilishdan iborat", — degan Makron.