TOShKENT, 4 sen — Sputnik.O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-sentabrda imzolangan qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 5-sentabrdan boshlab xorijiy valyutani cheklovsiz sotib olish va sotish mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu voqea oldidan Sputnik muxbiri O‘zbekistonning yetakchi iqtisodchilaridan biri, mustaqil iqtisodiy tahlilchi Yusupov Yuliy Batirovich bilan suhbatda bo‘ldi.
- Markaziy bank valyuta kursini qanday boshqaradi?
- Markaziy bank valyuta kursini boshqarishning usullari ko‘p. Valyuta koridori o‘rnatish, rasmiy kurs yoki erkin bozor kursi joriy etishi ham mumkin. Bunday holda Markaziy bank bozor kursiga faqat intervensiyalar bilan, ya’ni katta miqdorda valyutani sotib olish va sotish yo‘li bilan aralashishi mumkin. Bu odatiy hol. Dunyoning barcha mamlakatlari markaziy banklari kurs belgilash jarayoniga aralashadi. Aks holda valyuta kursida keskin tushish va chiqishlar (sakrashlar) yuz berishi mumkin.
- Konvertatsiya ochilsa import mahsulotlari narxi keskin oshadimi?
— Konvertatsiya ochilganidan keyin qanday kurs o‘rnatilishiga qarash kerak. Buning bir necha tomonlari bor. Masalan, bojxona to‘lovlari, ular rasmiy kurs bo‘yicha hisoblanadi. Agar kurs 7-8 mingga chiqib ketsa, bojxona to‘lovlari ham 2 baravar oshadi. Lekin hukumat buni biladi va buni oldini olish choralarini ko‘rmoqda. Prezident qarorida bojxona to‘lovlari muvofiqlashtirilishi kerak deyilgan. Demak, kerak bo‘lsa ular kamaytiriladi.
Mana shu ishlarning barchasi to‘g‘ri amalga oshirilsa – narxlar o‘smaydi. Bu yo‘lda ma’lum muammo va qaltisliklar bor, lekin ularning barchasini hal qilish yoki yumshatish mumkin. Buning hammasi hukumat qo‘lida.
Davlat monopoliya kompaniyalari xizmatlari, masalan aviachiptalar narxi oshmaydimi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining aviachiptalari narxlari, uyali aloqa kompaniyalari va internet pravayderlari xizmatlari narxlari xorijiy valyuta kursi asosida belgilanar edi. Bu borada ham narxlar oshmasligi prezident qarorida alohida ta’kidlangan. Aytish kerak-ki, ushbu kompaniyalarning ayrimlari O‘zbekiston bozorida monopolist yoki bozorga katta ta’sir ko‘rsatish imkoniga ega. Shuning uchun, kurs erkinlashganidan keyin, hukumat tomonidan ularni nazorat qilib turish kerak, toki ular davlat kursi o‘sishidan foydalanib narxlarini oshirmasin. Aslida yuqorida aytib o‘tilgan monopolist kompaniyalar uchun narx oshirishga asos ham yo‘q, chunki ular qilayotgan xarajatlarining aksariyati O‘zbekistonda, so‘m hisobida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi konvertatsiya ochilishi munosabati bilan aloqa operatorlari va internet provayderlarga maxsus yo‘riqnoma yubordi. Unda aytilishiga ko‘ra, AQSh dollarida yoki sh.b. da ko‘rsatilgan xizmatlar narxlari Markaziy bankining 2017-yil 4-sentabridagi kursi bo‘yicha hisoblangan narxlardan oshmasligi kerak.