TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston xorijiy hamkorlar bilan ishlash uchun tobora ochiqlashib bormoqda va bu G‘arbning ijobiy bahosiga sazovor bo‘lmoqda, shu bilan birga hukumat mamlakatning Yevrosiyo bilan integratsiyalashuvi masalasini ham muhokama qilmoqda, deb hisoblaydi Yevrosiyo tahliliy klubi rahbari, xalqaro ishlar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Nikita Mendkovich.
O‘tgan yilning dekabrida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Mirziyoyev darhol mamlakatda keng miqyosdagi islohotlarni boshlab yubordi.
"Shubhasiz, mamlakatda o‘zgarishlar yuz bermoqda, birinchi navbatda, aytish kerakki, aholining kamsonli qismini o‘ylantiradigan siyosat emas, balki iqtisodiyot sohasida o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Valyuta siyosati liberallashmoqda, valyuta konvertatsiyasi, valyuta daromadlari borasidagi qoidalar o‘zgarmoqda", — dedi Mendkovich RIA Novostiga.
Bundan tashqari, uning aytishicha, davlat institutlari, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati shaffoflashmoqda.
"IIV bo‘linmalarining omma oldida hisobot berish qoidasi joriy etildi, prezidentning tanqidiy chiqishlari orqali OAV davlat institutlarini tanqid qilishiga yo‘l ochildi", — deb qo‘shib qo‘ydi u.
Ekspertning ta’kidlashicha, o‘tgan bir yil davomida O‘zbekiston xorijlik — yevrosiyolik va g‘arblik hamkorlar bilan ishlash uchun yanada ochildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bularning bari "G‘arbdagi ko‘plab tashkilotlarning anchagina salmoqli ijobiy fikrlariga sabab bo‘ldi".
"Janob Mirziyoyev g‘arblik hamkorlar bilan munosabatlarni faollashtirish bilan birga Yevrosiyo yo‘nalishidagi integratsiyalashuv muhokamasiga ham qaytdi", — dedi agentlik suhbatdoshi.
"Hozirda ehtimol mamlakatning KXShTga qayta kirishi bo‘yicha savol kun tartibiga qo‘yilishi va Yevrosiyo ittifoqi bilan hamkorlikning yangicha shakllari ishlab chiqilishi mumkin", — deb qayd etdi Mendkovich.
Ekspert shu bilan birga boshlangan islohotlar to‘xtab qolishi mumkinligi alomatlarini ko‘rmayotganligini bildirdi.
"Islohotlar ijobiy samara bermoqda, ular tizimning barqarorligiga putur yetkazmayapti, prezident tomonidan bu yo‘nalish to‘xtatilishi mumkinligi borasida hech qanday belgi yo‘q. shunday ekan, mamlakat zamonaviy sharoitlarga moslashgan holda taraqqiyot yo‘lida davom etadi", — deb xulosa qildi u.