Anton Kurilkin
Mehmondo‘stlik udumi
Ertalab Ulug‘bekning Karim ismli do‘sti yashaydigan Buxorodagi qishloqlardan biriga kirib boramiz — unga Moskvadan olib kelingan sovg‘a-salomlarni berishimiz kerak. Shunchaki sovg‘ani berib yo‘lga tushishning iloji bo‘lmadi — Karim bizni nonushtasiz qo‘yib yubormasligini aytib oyoq tirab turib oldi.
Aynan mana shu uydagi ziyofatdan oldindan tayyorlanmagan turistning chidamliligi sinovi boshlanadi — o‘zbekona mehmondo‘stlik. Sutli issiq non va choy bilan mehmon qilganidan so‘ng Karim mehmonlarga ketishga ijozat berdi.
Yo‘limizda davom etamiz, manzilimizga judayam yaqin qoldi. Yo‘lda turli mashinalarga ko‘zimiz tushadi — yangi "Shevrole"lardan tortib eski "ZIL"largacha. Bahodirning aytishicha, hattoki juda eski mashinalarni ham mahalliy ustalar zamonaviylashtirib tashlashadi — avtomobil dizel emas, gazda ishlashi uchun yangi yonilg‘i tizimini o‘rnatishadi.
Ibn Sino nomidagi ulkan majmua — muzey va tibbiyot kollejiga kirdik. Afsonaviy olim tavallud topgan joyda o‘sha davr inshootlari saqlanib qolmagan, lekin muzeyning alohida binosi qadimiy osori-atiqalar saqlanadi va bo‘lajak shifokorlar bu meros bilan tanishishlari mumkin.
Nihoyat, Buxoro shahriga kirib kelamiz. Bir necha kunlik yo‘ldan so‘ng dam olish va atrofdagi go‘zallikdan bahra olish mumkin bo‘lgan ertakmonand va shinam shaharga tushib qoldik.
Bahodirning uyi ostonasidan hatlab ichkariga kirishimiz bilan bizni tushlikka taklif qilishdi. Ertalabki nonushtadan keyin qornim to‘q bo‘lsa-da, rad etmadim — aks holda mezbonlar xafa bo‘lishadi. Buning ustiga, totli is taratib o‘ziga chorlab turgan mazali taomdan voz kechishning imkoni yo‘q.
Vaqt astagina peshindan ham o‘tdi va uxlab olish uchun imkoniyat tug‘ildi. O‘zbekistonda Ispaniya yoki Italiyadagi kabi "siyesta" atamasi (tushdan so‘ng uxlab olish) yo‘q bo‘lsa ham, jazirama paytida shahar o‘ziga xos uyquga cho‘madi. Oftob qizdirib turgan paytda Rossiyaning o‘rta mintaqasidan kelgan bu iqlimga o‘rganmagan turist uchun sayr qilish og‘ir, shu bois sayrni kechki paytga qoldirdik.
Biroq tushlik qilib bo‘lganimizdan keyin kechki sayr bekor qilindi — biz mashinada yo‘l-yo‘lakay shaharni tomosha qilgancha Ulug‘beklarnikiga otlandik. Yana bir necha soat ziyofat bo‘ldi. Faqat ertaga shaharni ko‘rishimiz va qaytishga bilet olishimiz kerakligini bot-bot aytganimizdan keyingina mezbon bizlarga istamaygina javob berdi. Agarda tig‘iz jadvalim bo‘lmaganida bu yerda tungacha gaplashib o‘tirishimiz mumkin edi.
Avvalo tartib muhim
Ziyofat o‘z yo‘liga, lekin mamlakatda bo‘lish tartibini hech kim bekor qilmagan. O‘zbekistonga kelgan turist Ichki ishlar vazirligi bo‘limlarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart va mehmonxonalarda bu ish bilan mehmonxona xodimlari shug‘ullanishsa, menga ushbu jarayondan o‘zim o‘tishimga to‘g‘ri keldi.
Umuman olganda, bu qiyinchilik tug‘dirmaydi — pasport stolidagi mayor qanday hujjatlar kerak bo‘lishini obdon tushuntirdi, kechga borib esa shtamp bosilgan pasportimni oldim. To‘g‘ri, boj to‘lovini to‘lash uchun bankka borib-kelishimga to‘g‘ri keldi.
Gapning po‘stkallasini aytganda, boj to‘lovi — turistlar uchun eng asosiy muammo. Uning miqdori nisbatan oz — besh AQSh dollari, lekin bu pulni rasman bankda almashtirish, keyin esa yig‘imni kvitansiya bo‘yicha so‘mda to‘lash kerak.
Xorijlik sayyohlar uchun bunday holatlarni solishtirish sayohatdagi eng qiziq narsalardan biri va boshqa mamlakatlardagi odamlar qanday yashashayotgani haqida tushunchaga ega bo‘lasan.
Rossiya banklaridan farqli o‘laroq, O‘zbekistondagi banklarda xavfsizlik choralari ancha jiddiy — eshik oldida militsionerlar yoki qo‘riqlash xizmati xodimlari turishadi. Ular xavfsizlikni nazorat qilishdan tashqari, odamlarga qaysi tomonga, qaysi yo‘ldan yurish mumkinligini ham tushuntirib turishadi.
Ro‘yxatga olish jarayoni hammasi bo‘lib bir soatdan ozroq vaqtni oldi, ushbu masala bilan shug‘ullanayotgan militsiya xodimi esa mamlakatda bo‘lish muddatimni yana ikki kunga uzaytirib olishimni maslahat berdi. Har ehtimolga qarshi, mabodo bilet sotib olishning imkoni bo‘lmay qolsa yoki vaqtida ucholmay qolsam asqotarkan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, uning maslahatlari bejiz emas ekan.
O‘tmishga sayohat
Barcha rasmiyatchiliklarni hal qilgach, diqqatga sazovor maskanlarni ko‘rishga yo‘l oldik. Mislsiz darajada ko‘p tarixiy inshootlar orasidan birortasini ajratib ko‘rsatish amrimahol: butun shahar markazidagi tor ko‘chalar, mozaika bilan bezatilgan arkalari bilan dunyoga mashhur masjid va madrasalar barchasi yaxlitlikni tashkil etadi.
Bu yerda vaqt o‘ziga xos tarzda harakatlanadi, o‘tmish esa zamonaviylik bilan uyg‘unlashib ketadi. Bunyod etilgan vaqtiga qaramasdan barcha inshootlar a’lo darajada saqlangan, barchasining ichiga kirish, yaqindan tomosha qilish mumkin. Go‘yoki birdaniga bir necha yuz yil avvalgi davrga qaytib qolgandek bo‘lasiz.
O‘rta asr chorrahalaridagi savdo rastalarida bugungi kunda ham idish va pichoqdan tortib turli suvenirlar sotadigan attorlar o‘tirishadi. Ularning aksariyati o‘z mahoratlarini ehtimoliy xaridor va turistlarga namoyish etgancha ko‘chaning o‘zida buyumlarga zeb beradi.
Xorijliklar uchun muzey va ayrim tarixiy inshootlarga kirish pullik, lekin narxlar ramziy. Masalan, Ark qarorgohiga kirish uchun xorijlik turistdan dasturdan kelib chiqib bir necha ming so‘m olishadi.
Besh ming so‘mga ekskursovod xizmatidan foydalanish mumkin. Odatda men gidlarga ko‘p ham murojaat qilmayman, chunki ko‘pincha bir xil ohangdagi ming‘ir-ming‘irni eshitish odamni charchatadi, osori atiqa bilan shoshilib tanishtirish esa zavq bag‘ishlamaydi. O‘rta asr durdonalari bo‘lgan bu arxitektura yodgorliklarini bir o‘zing tomosha qilishga nima yetsin.
Lekin bu safar qal’a turistik burosi xodimi meni xodim bilan birga oddiy turistlar uchun yopiq bo‘lgan ayrim joylarga ham kirish mumkinligini aytib qiziqtirib qo‘ydi. Tan olib aytaman, bu hayotim davomidagi eng yaxshi ekskursiya bo‘ldi.
Biz qal’aning turistlar ko‘rishi mumkin bo‘lgan har bir qismini shoshmasdan kezib chiqdik, ekskursovod esa tarixiy faktlar, rivoyatlar va o‘zi to‘qigan afsonalar asosida mazkur majmua, amirlar va XX asrdagi Buxoro haqida shunday hikoya qilib berdiki, undan uzoqlashgim kelmay qoldi.
Jonli tarixdan voz kechib shahar markazini tark etishni aslo istamasdim, biroq vaqt siquvga olib borardi. Bozorga ulgurish va qaytish bileti masalasini ham hal qilish kerak edi.