Anton Kurilkin
G‘ayrioddiy sayohatimning uchinchi sutkasi o‘tib borardi. Yo‘lda men bilan suhbatlashgan barcha nega jizg‘anak qiluvchi quyosh ostida uzoq va mashaqqatli yo‘lga mashinada chiqqanimni hamda nima uchun harakatlanishning boshqa vositasini tanlamaganimni so‘rardi. Ularning aksariyatining ko‘zlarida bir savolni o‘qish mumkin edi: bu turist qanday qilib o‘ynagani yo‘l olmagan odamlar orasida paydo bo‘lib qoldi.
Aytishim kerakki, birdaniga bir nechta holatlarning to‘qnash kelib qolishi oqibatida mana shu tasodifiy sayohatim yuzaga keldi. Eski tanishim Bahodir meni o‘z yurtiga bir necha marta taklif etgandi. Oldinda mehnat ta’tilim bor edi, aniq bir rejam yo‘q edi, xuddi ana shu kunlari u menga qo‘ng‘iroq qilib qoldi va uyiga ketayotganini, mashinasida bo‘sh joy borligini aytdi.
Uzoq o‘ylab o‘tirmasdan qaytishga bilet olmay (Bahodirning aytishicha, qaytishga bilet olmagan ma’qul ekan – qo‘qqisdan yo‘lda mashina buzilib qolsa) uning taklifiga rozi bo‘ldim va yo‘lga otlandim. 3600 kilometrlik masofani bosib o‘tish uchun ixtiyorimda roppa-rosa bir hafta bor edi. Ha, samolyot bilan solishtirganda ko‘p vaqtni oladigan va poyezd bilan solishtirganda noqulay safar, o‘yladim men, lekin eski tanishim bilan ketaman. Buning ustiga mashinada sayohat xuddi piyoda, velosipedda yoki otda yurilgani kabi o‘zingni haqiqiy yo‘l bosgandek his qilish imkoniyatini beradi. Poyezd ham, samolyot ham bunday hisni bermaydi.
Ehtimol, safarga chiqishimda men yaqinda o‘qigan Jek Keruakning "Yo‘lda" kitobi ham katta rol o‘ynagandir. Xullas, nima bo‘lishidan qat’i nazar, sarguzashtlarga tashnalik barcha xavotir va ikkilanishlardan ustun keldi. Lekin sayohatim tabiat manzaralari va hamrohlarimning qiziqarli hikoyalaridan tashqari og‘ir sinovlar bilan ham o‘tdi. Ular ichida eng jiddiy sinov Qozog‘iston chegarasidan o‘tish bo‘ldi.
Axlat, chang va loqaydlik
Tong saharda Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi "Tajen" chegara punktiga yetib keldik. Chegara o‘tkazish punkti oldida yo‘l bo‘ylab qator tizilgan yengil va yuk mashinalaridan iborat navbat hosil bo‘lgan. Ulkan furalar alohida qator hosil qilgan. Bo‘m-bo‘sh yo‘ldan esa faqatgina Qozog‘iston raqamlariga ega mashinalar o‘tmoqda.
Bu yerlarda sutkaning eng yaxshi payti – tun: salqin hamda chang-to‘zon ko‘taradigan shamol bo‘lmaydi.
Odamlar oynasi ochib qo‘yilgan mashinalar ichida uxlashmoqda. Yana kimdir atrofda sochilib yotgan sellofan xaltachalarni tagiga to‘shab, boshi ostiga sumkasini qo‘ygancha yo‘l chetida uxlayapti. Abjir va omadli sayyohlar esa qurilishi bitmagan binoning beton plitalari ustiga joylashishgan.
Ayrim tajribali haydovchilar chegaradagi qiyinchiliklarni bilishgani bois o‘zlari bilan yig‘ma karavotlar ovolishgan. Umuman uyqum kelmadi, shuning uchun tong sahar bo‘lishiga qaramasdan yo‘l bo‘ylab aylanib yurdim.
Quyosh chiqishi bilan havo sezilarli darajada iliydi, ba’zida chiyillashi kuchayib quloqni og‘ritadigan shamol esadi.
Yerda yotgan bo‘sh shishalar u yoqdan bu yoqqa dumalab shovqin hosil qiladi, lekin hammasidan ham o‘tgan-ketganlarning oyoqlari ostida g‘ichirlaydigan plastiklar asabni egovlaydi. Axlat shunchalik ko‘pki va anchadan beri olinmaganligi uchun quruqshab yotgan yerda qatlam hosil qilgan.
Axlat tashlash uchun mo‘ljallangan maxsus beton bunkerlar to‘lib-toshib ketgan va biz chegarada bo‘lgan ikki kun davomida bir martayam tozalanmadi.
Ertalab to‘qqizdan boshlab rangi o‘chib ketgan ro‘mol o‘ragan, qora ko‘zoynak taqib olgan yoshini aniqlash mushkul bo‘lgan sotuvchi ayollarning qichqiriqlari yangraydi. Ulardan narsa olishda tanlov cheklangan: kolbasa, non, pirojka, gazli va gazsiz mineral suv hamda kola.
Vaqti vaqti bilan "kolbasa-pirojka-non-gazsiz suv-kola" deyish o‘rniga adashib ketishadi va qarabsizki goh gazsiz kola, goh mineral non taklif qilishadi.
Ikki soatdan keyin bu qichqiriqlar jazirama, chang, shamol va yo‘lda uzoq kutish bilan qo‘shilib odamni aqldan ozdira boshlaydi.
"Qozog‘iston chegarasida insonga hurmat yo‘q. O‘zbekistonda bor, Rossiyada bor. Moskvaga har safar borganimda hurmat bilan savol-javob qilishadi. Bu yerda esa odam o‘rnida ko‘rishmaydi", — noliydi Buxoroga ketayotgan qirq yoshlardagi Zuhra ismli ayol.
Erkaklar esa bu yerdagi sharoit va chegarachilarning ish sifatini boloxonador iboralar bilan shunday ta’riflashdiki, ular aytgan so‘zlarni bu yerda keltirishning iloji yo‘q.
Navbatsiz o‘tish necha pul?
Avtomobillar kolonnasi bo‘ylab ikkita yosh qozoq yigiti kelardi. Ular mashina oldida to‘xtashib haydovchi bilan nimalarnidir gaplashishar, keyin yana yo‘lida davom etishardi. Haydovchimiz orqa o‘rindiqda uxlayapti, men uning o‘rnida o‘tiribman, Qudrat va Ulug‘bek choyxonaga suvga ketishgan.
— Bratan, senmisan haydovchi?
— Yo‘q, menmas, u uxlayapti.
— Chegaradan tezroq o‘tishni xohlaysizlarmi?
— Haydovchi uyg‘onsin, so‘rab ko‘raman.
Yigitlar navbatdagi "mijoz" tomon otlanishdi, shu payt uyg‘onib ketgan Bahodir nima gapligini bilgach, ularni chaqirdi.
Faqat bittasi – o‘rta bo‘yli ozg‘in, ozgina soqol qo‘ygan qizil futbolkali yigit qaytdi.
— Navbatsiz o‘tishni xohlaysizlarmi? Olti ming rubl. Avval uchta mashinani o‘tkazishadi, keyin yettita mashinani navbatsiz o‘tkazvorishadi, — dedi yigit.
— Qimmat. Oldin besh ming edi, — deydi Bahodir.
— Oldin uchastkavoy yo‘q edi, bu yerda mushtlashuv bo‘ldi, shundan keyin tartib saqlash uchun uni qo‘yib qo‘yishdi. U bilan ham bo‘lishishga to‘g‘ri keladi, — tushuntiradi yigit.
Biz pul bermaslikka va navbat kutishga qaror qildik. Ortimizda turgan mashina haydovchisi "o‘tkazib qo‘yuvchi"ning taklifiga rozi bo‘ldi va unga pul uzatdi.
Ammo unga tezroq o‘tish nasib qilmadi. Kolonna boshida turgan haydovchilardan biri to‘polon ko‘tardi va navbatsiz o‘tish barham topdi. Adolat yuzasidan aytishim joiz, tadbirkor yigitlar amalga oshmagan tranzit uchun olingan pullarni egalariga qaytarib berishdi.
Chegara oldidagi ochlik
Tush paytiga yaqin chegaraga ikkita tuya keldi. Ulardan biri nariroqda yantoq yamlay boshladi, ikkinchisi esa "sivilizatsiya mevalari"dan bahramand bo‘lish uchun tadbirkorlik bilan axlat konteynerlari tomon yo‘l oldi. Uning o‘ljasi olma bo‘lagi va bo‘shagan aroq shishasi bo‘ldi. Sahro kemasi shishani og‘ziga solgancha biroz chaynab ko‘rib afsus bilan tuflab tashladi va ketib qoldi.
Tushga yaqin qator jonlanib qoldi: qozog‘istonlik chegarachilar o‘zbek mashinalarini o‘tkaza boshladilar. Bir kunda to‘rt marta shunday o‘tkazishlar bo‘ladi: bittasi yuk mashinalari uchun, uchtasi yengil mashinalar uchun. Yo‘lovchi avtobuslari navbatsiz o‘tkaziladi, lekin bundan odamlarga foyda yo‘q: ular "axlat tashlamang" degan yozuv ostidagi axlatxona oldida turgan holda jazirama quyosh ostida obdon "tuzlangach" pasport va bojxona nazoratidan o‘tishadi.
Oldinga atigi bir necha metr yurgach yana to‘xtaymiz. Bahodir yonimizdagi choyxonada choy ichib olishni taklif qiladi.
Bu yerdagi chegaraoldi tamaddixonalarining tuzilishi bir xil: ovqat tayyorlanadigan xona, omborxona ham shu xona, mijozlar o‘tiradigan xonalardan kichkina derazasi bor plastik to‘siq orqali ajratilgan. Mijozlar xontaxta va so‘ridan boshqa hech narsa qo‘yilmagan kichik-kichik xonalarda o‘tirishadi.
Bu uychalar tashqaridan ham, ichkaridan ham oppoq suvalgan, kichik derazalari esa yelvizak achigan miyangizni o‘ziga keltirish uchun katta qilib ochib qo‘yilgan.
Ularning menyulari yo‘llardagi do‘konlarnikidan ham kamtarroq: doshirak, snikers va shubhali golubsi. Tamaddixona bekalarining pazandalik qobiliyatlarini tekshirib ko‘rishga jasoratim yetmadi va kofe bilan cheklandim. Bu yerlarda bor-yo‘g‘i ikki xil kofe berishadi: paketchali uchtasi birda yoki oddiy qora kofe.
Chegarada o‘tgan ikki kun davomida men sayyor sotuvchilarning ham, choyxonaning ham ovqatini yeyishga botinmadim. Issiqdan uncha ovqat yegim kelmas, bilinar-bilinmas ochlikni esa Moskvada olingan pechenye bilan bartaraf qilardim.
Ikki boshli burgut ostida
Deyarli ikki sutkadan so‘ng bojxonada bizning ham navbatimiz keldi. Shlagbaum oldida barcha yo‘lovchilarga mashinadan tushishni buyurishdi. Pastga tushib mashinamizni g‘amginlik bilan kuzatib qolamiz va navbatga turishga tutinamiz. Qora ko‘zoynak taqqan chegarachi leytenant mashinalar tekshiruviga o‘tayotgan yo‘lovchilarni oddiy piyodalardan ajratishga urinadi. Bizni birpasda chegara punkti hududiga o‘tkazishdi va yana bir navbatga turdik.
Bu navbat ichida men baland bo‘yim, soqolim va asosiysi – Rossiya pasporti bilan ajralib turardim. Bojxona eshigi oldida turgan fuqaro kiyimidagi kishi meni chaqirdi. Turist ekanligimni va do‘stlarim bilan Buxoroga ketayotganimni bilishgach, meni ichkariga o‘tkazib yuborishdi.
Yana navbat. Katta furajka kiyib olgan bo‘yi uncha baland bo‘lmagan harbiyning tartib o‘rnatishga bo‘lgan urinishlari zoe ketadi. Uning ratsiyasi ishlab ketdi va u meni to‘g‘ri pasport nazoratiga yetaklab ketdi.
Aytish joiz, turistlarni pasport nazorat punktiga hech qanday navbatlarsiz darhol o‘tkazib yuborishadi: biz Rossiyada ko‘rgan polyaklar ham yetib kelishdi. Bilmadim, ular quyosh tig‘i parchalab tashlaydigan shunday issiq havoda og‘ir motosikl kiyimlarida qanday qilib shuncha yo‘lni bosib o‘tishdi ekan.
Pasport nazoratida kichik serjant unvoniga ega jilmayib turadigan yagona chegarachi mendan kimligim, qayerga va kim bilan ketayotganligimni uzoq surishtirganidan keyin meni o‘tkazib yubordi.
Pasport nazoratidan so‘ng yo‘lovchilar chegaralar orasidagi neytral hududga o‘tishadi – mashinamiz o‘sha yerda edi va bir soatdan keyin hammamiz jamuljam bo‘ldik.
Qudrat va Ulug‘bekni kutib turgan paytimiz mazali palov va ayron oldik – ular neytral hududdagi o‘zbek choyxonasiniki bo‘lib, Bahodirning aytishicha, aynan mana shu taom palov ekan, oldin yegan barcha palovlarimiz esa palov emas, go‘sht va sabzavotli guruch ekan. Issiqda ovqat o‘tmagani bois palov yemadim, ammo bir kosa ayron haqiqiy xaloskorimga aylandi: muzdayligidan tishlaring takillab ketadigan va mayda to‘g‘ralgan sabzavotlar solingan ayron kishini o‘ziga keltirib, hayotga qaytaradi.
Oxirgi sinov – O‘zbekiston chegarasi – oldidan ozgina tin olishga imkoniyat bor. Biz ham hozircha sayohat haqidagi hikoyadan chekinamiz-da, hamrohlarim kim, ular Rossiyada nima ish bilan shug‘ullanishadi va nega vatanlariga ketishayotgani haqidagi hikoyamizni boshlaymiz.