Anton Kurilkin
Buxorogacha bo‘lgan uch yarim ming kilometrli yo‘limiz kechqurun Moskva viloyatining Ximkisidan boshlandi. Umumiy hisobda sayohat sakkiz kun davom etdi va Samarqand aeroportida yakunlandi.
Barcha hamrohlarim o‘zbeklar – rulda Bahodir, orqa o‘rindiqqa Qudrat va Ulug‘bek joylashishdi.
Yo‘lda uxlab qolmaslik uchun o‘zbekcha qo‘shiqlar yozilgan diskni qo‘yib oldik va xayolan Buxoroga sayohat qildik.
Musiqa avtomobilda sayohat qilayotgan paytingda zeriktirmaydigan kamdan-kam narsalardan biri: musiqadan tashqari tabiatni tomosha qilish yoki suhbatlashib ketish mumkin xolos.
Tun bo‘yi bir necha yuz kilometr yo‘l yurdik va ertalab oltida "Zmey Gorinich" majmuasida to‘xtadik.
Slavancha nom berilgan bu majmuada choyxona, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, motel, hatto hammom joylashgan. Bu yerni o‘zimizniki deb atasa ham bo‘ladi – deyarli barcha mashinalar O‘zbekistonniki. Nukus, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona vodiysilik kishilarni uchratish mumkin. Menyuda ham faqat an’anaviy taomlar: lag‘mon, sho‘rva, manti va albatta palov.
Nonushtadan so‘ng Bahodir mashinaga yoqilg‘i quyguncha Ulug‘bek bilan suhbatlashdik. U anchadan buyon Buxorodagi qishlog‘iga avtobus va mashinalarda borib-kelarkan.
"Hozir yo‘l ancha yaxshi bo‘lib qoldi – Rossiyada ham, Qozog‘istonda ham ikki yilcha oldin yo‘llarni remont qilishdi. Oldinlari kamida o‘n kun yurgan bo‘lsak, hozir besh kunda yetib borish mumkin", — deydi u.
Mashinamiz keldi va Mordoviya hududi bo‘ylab yo‘lga tushdik.
Dalalar o‘rnini qadimiy o‘rmon egallaydi. Sivilizatsiya borligi haqida faqatgina yo‘ldagi ko‘rsatkichlar eslatib turadi. Bir soat yo‘l yurganimizdan keyingina birinchi qishloqqa duch keldik. Yo‘l qishloq orqali o‘tadi va bu yerdagi aholi shuning orqasidan tirikchilik qiladi – yo‘lning ikki chetida o‘nlab tamaddixonalar bo‘lib, ular orasida tovuq va echkilar yugurib yuradi.
Kafelarning nomlari ham antiqa: "Svetlana", "Ararat", "Larisa", "Yerevan", "Yoqimtoy xonimlar huzurida", "Arbat".
Nihoyat o‘rmondan chiqamiz – yo‘l bo‘ylab kungaboqar dalalari ko‘zga tashlanadi, qishloqlar ko‘payadi, ularning nomlari esa yanada qiziq. Parij Kommunasi, Ramzay va Nikolo-Rayskoyedan o‘tamiz, Tatarskiy Kanadey orqali Nikolayevkaga kirib boramiz.
Shaharchaga kiraverishda g‘aroyib yodgorlik bor – "Tinchlikni sevamiz, lekin Vatanni xafa qildirib qo‘ymaymiz" degan yozuv tushirilgan sovetlarning T-64 tanki o‘rnatilgan. Chiqaverishda ham shunga o‘xshash yodgorlik — avtoservis yonidagi maydonchada havo-desant qo‘shinlari bayrog‘i o‘rnatilgan bronemashina turibdi.
Havo issiq, hamrohlarim esa bu shunchaki iliq havo ekanligini, haqiqiy jazirama esa Qoraqalpog‘istonda bo‘lishini aytib ustimdan kulishadi.
Bu vaqtda o‘rmon va dalalar orasidan Volga darosi ko‘zga tashlanadi, u o‘rtacha kattalikdagi daroga o‘xshab ko‘rinadi. Rossiyaning eng asosiy suv tomiri qay darajada yirik ekanligini Jigulevsk va Tolyatti o‘rtasidagi ikki kilometrli ko‘prik ustida baholash mumkin: biz go‘zal va viqorli Volgadan bir necha daqiqa ko‘z uzolmay qoldik.
Ko‘prikdan tushayotib yangi Ravon avtomobillarini olib ketayotgan treylerga ko‘zimiz tushdi. Suhbat shu zahoti mashinalar mavzusiga burildi. Gap bilan bo‘lib Samaradan qanday o‘tganimizni sezmay ham qolibmiz.
Qozog‘iston chegarasiga ikki yuz kilometr qoladi. Chegara nazoratidan o‘tishdan oldin dam olishga to‘xtadik. To‘xtagan joyimiz qadimiy karvonsaroylarni eslatadi — mehmonxonalar, cho‘milish xonalari, chodirlar va restoranlar aralashmasidan iborat majmua.
Avtoturargoh va yo‘l bo‘yida turli mamlakatlarning mashinalari qalashib ketgan. Eng ko‘pi Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonniki. Rossiyalik haydovchilarning mini kolonnasi yoniga Turkmaniston furasi kelib to‘xtadi. Bizning mashinamiz yonidan Latviyadan kelgan yengil mashina joylashdi, nariroqda esa polshalik motosiklchilar turishibdi. Ularga hamrohlik qilayotgan avtomobil haydovchisi esa suv va somsa sotiladigan do‘kon oldida navbatga turayotgan "Moskva — Dushanbe" avtobusi yo‘lovchilarini qiziqish bilan kuzatib turibdi.
Oqshom tushganida joyimizdan siljidik – chegaragacha qolgan so‘nggi kilometrlarni qorong‘ulikda bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi, uzoq-uzoqlarda chaqmoq chaqnaydi.
Rossiya bojxonasiga kirishdi plitalardan iborat yo‘lga duch kelasiz. Bu yo‘ldan har qanday mashina ham yuravermaydi. Tirkama ulagan katta yuk mashinalari shunday silkinadiki, beixtiyor mashina ag‘darilib ketsa qayoqqa qochish mumkin deya atrofga alanglaysiz. Yengil mashinalarga yanada qiyin – ayol kishi minib olgan Mazda shlagbaumga yaqinlashar ekan, mashina osti va bamperi plitalarga tegib shilinib o‘tdi.
Shlagbaum yonida turgan Rossiya chegarachisi navbatsiz suqilib kirgan mashinalarni ortiga qaytaradi, uning hamkasbi esa mashinalar qatori oralab tartibni nazorat qiladi.
Uzoqdan muazzinning namozga chorlagan tovushi eshitiladi. Bizdan oldinda turgan avtomobil haydovchisi mashinasidan tushadi va yo‘l bo‘yiga joynamozini solgancha namoz o‘qishga tutinadi. Yon-atrofdagi yo‘lovchi va haydovchilar esa unga xalaqit bermaslik uchun past ovozda gapirishadi.
Rossiya bojxonasida turgan kattayu kichik yuk mashinalarini ulkan rentgenga yo‘naltirishadi. Haydovchilar skaner deb atovchi bu qurilma oldida transport shu darajada ko‘pki, ularni ertalabgacha tekshirib ham tugatib bo‘lmaydi, shu bois mashinamizni bojxonachilarning o‘zlari tekshirishdi.
Rossiya bojxonasidan bir yarim soatda o‘tdik, ammo Qozog‘istongacha yetib borolmadik – qozog‘istonlik chegaralar tinimsiz ravishda YeOII mamlakatlari mashinalarini o‘tkazishadi. Bizning avtoda O‘zbekiston raqami bo‘lgani bois neytral hududda tunni o‘tkazishga majbur bo‘ldik.
Ertalab yettida barcha nazorat jarayonlaridan o‘tdik va Qozog‘iston hududiga kirdik. Bahodir mashinaga tranzit sug‘urtasini rasmiylashtirguncha biz uchovlon sovuqdan junjikkancha sahro tongi manzarasini tomosha qildik. Haydovchimiz qaytib kelib mashinaga o‘tirdi va pechkani yoqdi, yo‘lga tushdik. Sayohatning birinchi sutkasi ortda qoldi, oldinda esa ikki ming kilometr va besh kunlik sayohat turibdi.