TOShKENT, 29 avg — Sputnik. O‘zbekistonda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgarishlar ishlab chiqildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar ro‘yxati Oliy Majlisning qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqarilib, Normativ huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan.
Taklif qilinayotgan o‘zgarishlar orasida internet OAVlari faoliyatini oydinlashtirishga qaratilgan va shu bilan birga ularni kuchliroq himoya qilishni nazarda tutgan choralar ham bor. Masalan, OAV to‘g‘risidagi qonunga “Internet tarmog‘ida veb-sayt ko‘rnishida ishlayotgan ommaviy axborot vositasi” nomli alohida band kiritilmoqda.
Yangi bandda aytilishiga ko‘ra, internet-OAVning bosh sahifasida uning nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnoma nomeri va sanasi, nashr homiysining ismi, sharifi, bosh muharrir ismi sharifi va joylashgan manzili ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, qonunda birinchi bor OAVlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tartibi aniq aytib o‘tilgan. Xususan, OAV to‘g‘risidagi qonunning 5 bandini “Davlat jurnalistlarning harakat erkinligini, ma’lumot olish huquqini, xususiy mulk huquqini kafotlatlaydi va ularni mansabdor shaxslarning noqonuniy hatti-harakatidan yoki harakatsizligidan himoya qiladi deyilgan. Undan tashqari, yangi qonun loyihasida OAVlar faoliyatiga xalal berish yoki aralashish ta’qiqilanadi, deyilgan.
Shuningdek, yangi qonun davlat OAVlar faoliyatini turli soliq imtiyozlari berish, davlat buyurtmalari joylashtirish, xodimlar malakasini oshirishda yordam berish va boshqa chorlarar bilan yordam beradi deyilgan.
Shu bilan birga, davlat yordami OAVlar ijodiy mustaqilligini cheklash uchun ishlatilmasligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Bundan buyon OAVlarga litsenziya berish muddati 1 oydan 15 kunga qadar qisqartirilgan.
Yangi qonunda OAVlarning davlat organlaridan ma’lumot olish va mansabdor shaxslar bilan intervyu o‘tkazish huquqi yanada mustahkamlangan.
Xususan, 35-1 bandga ko‘ra, davlat organlari OAVlar bergan so‘rovnomaga yoki mansabdor shaxslar intervyusiga 7 kun ichida javob berishi kerak. Rad javobi berilgan hollarda u yetarli darajada asoslangan bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, yuqorida aytib o‘tilgan o‘zgarishlar OAV faoliyati to‘g‘risidagi qonunga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgarishlardir. Muhokama davomida ularning ayrimlari o‘zgarishi ham ehtimoldan xoli emas.