TOShKENT, 11-avgust — Sputnik. Toshkent yirik bozorlarida dollarning "qora bozor"dagi narxi tushib ketmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Poytaxtdagi yirik bozorlarda bir dollar 7600-7800 so‘mdan sotib olinmoqda va 50-100 so‘m qimmatroqqa sotilmoqda. Ayrim noqonuniy valyuta sotuvchilarning aytishlaricha, mamlakatning ayrim viloyatlarida dollar narxi 7500 so‘mdan ham tushib ketgan.
Masalan, bir dollar Toshkent shahrining Yunusobod bozorida — 7600 so‘m, Chorsu bozorida — 7450 so‘m, Farxod bozorida — 7800 so‘mga sotib olinmoqda.
Ayrim internet foydalanuvchilari esa 7450 so‘mga sotganligini ma’lum qilgan.
Bugungi kunda Markaziy bank tomonidan belgilagan dollar rasmiy kursi esa 4126 so‘m 45 tiyinni tashkil etadi.
Dollar narxi pasayishiga konvertatsiya ochilishi, prezidentning bir necha yangi qarorlari qabul qilinishi sabab bo‘lganligi taxmin qilinmoqda.
Ayrim internet foydalanuvchilari esa dollar pasayishiga o‘qish boshlanishi bilan bog‘liq xarajatlar sabab bo‘lganini bildirsa, ayrimlar dollar narxi bir oz vaqtga tushib, keyin yanada qimmatlashishi mumkinligi haqida fikrlar bildirilmoqda.
Poytaxtning ayrim bozorlarini aylanib ko‘rgan Sputnik muxbiri valyutafurushlarning ishi ancha sustlashganligini, deyarli hech kim dollar sotmayotganligini ko‘rdi. Ko‘pchilik balki Markaziy bank konvertatsiyasi ochiladi deb kutmoqda. Valyutafurushlar ham deyarli dollar sotishmayapti, faqat dollar sotib olish bilan ovora.
Bundan tashqari, banklar tomonidan jadal suratlarda poytaxt ko‘chalarda plastik kartalardan pul yechib olish bankomatlari o‘rnatilmoqda. Bankomatlarni 14-avgust kuni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bankomatlardan pul yechib olinishida hech qanday komissiya olinmaydi.