TOShKENT, 23-avgust — Sputnik. O‘zbekiston Milliy banki Toshkent va Samarqandda naqd so‘m hamda dollar beradigan 55ta bankomat o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda "Podrobno.uz" xabar qilmoqda.
Mazkur loyihanining birinchi bosqichi doirasida bank Sergeli, Kadisheva ("Aviasozlar") va Tansiqboyev (Olmazor) bozorlarida bankomatlar o‘rnatdi.
"Biz nafaqat milliy valyuta, balki turistlar uchun xorijiy valyuta beruvchi 55ta bankomat o‘rnatishni rejalashtirmoqdamiz. Bunday bankomatlar "Xayat" va "Interneshnl" mehmonxonalariga hamda Samarqanddagi mehmonxonalarga o‘rnatilgan", – dedi bankning plastik kartalar boshqarmasi boshlig‘i Bunyod Esonboyev.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda plastik kartalardagi pulni naqdlashtiruvchi bankomatlar o‘rnatish boshlandi. Birinchi bo‘lib "Xalq banki" Oloy, Qo‘yliq va Yunusobod bozorlariga bankomatlar o‘rnatdi. Bank kelgusida bankomatlar poytaxtning turli tumanlaridagi aholi gavjum joylarida o‘rnatilishini bildirdi.