TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati internet tarmog‘ida tarqalgan Makka shahri Haram hududida yiqilib tushib, qattiq jarohat olgan shaxs haqidagi videolavhasi borasida ma’lumot berdi.
"Mazkur voqea yuzasidan Saudiya Arabistonidagi O‘zbekiston Haj ishchi guruhi rahbaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Madina va Makka shaharlardagi o‘zbekistonlik ziyoratchilarning barchasi sog‘-salomat va uyushgan holda o‘z ibodatlarini davom ettirmoqdalar", deyiladi qo‘mita axborot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 7-23 avgust kunlari o‘zbekistonlik 7300 nafardan ortiq ziyoratchi haj safariga kuzatildi. Ziyoratchilarga safar oldidan O‘zbekiston davlat ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, "Hajnoma" kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida "Javharat ar-Roshid", Makka shahrida esa "Abroj al-Hidoya" mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan. Har bir xona muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar bilan jihozlangan. 24 soat davomida zamonaviy avtobuslarda ziyoratchilarni Makka shahridagi Haram masjidiga tashish yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 8-24 sentabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Qarshi, Jidda-Namangan, hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha Vatanimizga olib kelish rejalashtirilgan.