TOShKENT, 24 avg — Sputnik. O‘zbekiston chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi xodimlari tomonidan avgust oyi boshidan beri bir nechta yirik miqdordagi kontrabanda tovarlarini olib o‘tish holatlari fosh etildi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga MXX Davlat chegarasini himoya qilish qo‘mitasi vakili xabar qildi.
Chegara qo‘shinlari ma’lumotlariga ko‘ra, kontrabandachilarning eng faol harakati avvalgidek Qirg‘iziston chegarasida qayd etilgan.
"Farg‘ona tumanidagi chegara oldi Qorayantoq qishlog‘ida Qirg‘izistondan yuk bilan kelayotgan uch nafar qonunbuzarlar chegarachilar tomonidan aniqlandi. Qo‘lga olish jarayonida qonunbuzarlar yuklarni tashlab ketib, qo‘shni hududga qochib ketdilar. Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda xorijda ishlab chiqarilgan jami 29,9 mln so‘mlik 5 ming dona sigaretlar borligi aniqlandi", — deb ta’kidladi chegara qo‘shinlari vakili.
Bundan tashqari, chegara oldi Kurash qishlog‘ida chegarachilar O‘zbekistonga noqonuniy ravishda jami qiymati 32 mln so‘mlik 16 dona televizor olib kirilishiga chek qo‘yishdi. Chegarachilarni ko‘rishi bilan 4 nafar kontrabandachilar yuklarni tashlab, Qirg‘izistonga qochib ketdilar.
"Farg‘ona tumani chegara oldidagi Quvasoy va Yapagi qishlog‘ida chegarachilar Qirg‘izistondan noqonuniy ravishda yuborilgan jami qiymati 60 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan 15,8 ming elektr lampalar va 1 mingdan ortiq parfumeriya mahsulotlari qo‘lga olindi", — deb qo‘shimcha qildi qo‘mita xodimi.
Barcha tovar-moddiy boyliklar davlat hisobiga o‘tkazildi.