TOShKENT, 23 avg — Sputnik. O‘zbekiston lotin alifbosidan voz kechmoqchi emas. Bu haqda bugun Xalqaro press-klub yig‘ilishida Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov ma’lum qildi.
"O‘ylaymanki, kirill yozuviga qaytish kichik qatlamdagi aholining fikridir. Men vazir sifatida o‘z pozitsiyamni bildiraman. Kirill va lotin yozuvlarining o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari bor. Lekin lotin yozuvi hozirgi vaqtda mamlakatimizda aniq ustunliklarga ega deb o‘ylayman. Farzandlarimiz ingliz tilini o‘rganishmoqda, bu esa lotin yozuvidir. Lotin yozuvida bo‘lishimiz o‘zbek tilini o‘rganayotgan chet elliklarga ham ancha oson bo‘ladi", — deb ta’kidladi vazir.
Inoyatovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati bilan integratsiya nuqtayi nazaridan qaraganda ham lotin yozuviga o‘tish bu to‘g‘ri qabul qilingan qaror hisoblanadi.
Lotin yozuvida adabiyotlarning yetishmaslik masalasi ham chetda qolmadi. Ayrim ekspertlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda respublikada barcha adabiyotlarning 70 foizi kirill yozuvida chop etilmoqda.
"Biz bosqichma-bosqich kutubxona jamg‘armalarini lotin yozuvidagi kitoblar bilan to‘ldirib bormoqdamiz. O‘tgan yili 27 nomdagi adabiyotlar chop etilgan, bu yil 28 ta chop etiladi. Kelgusi yillarda bu jarayon davom etadi. Shuning uchun masala asta-sekin hal bo‘ladi. Bu yerda muammo yo‘q. Maktablar lotin yozuvidagi adabiyotlar va qo‘shimcha kitoblar bilan to‘liq ta’minlangan", — dedi Ulug‘bek Inoyatov.