TOShKENT, 22 avg — Sputnik. "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish tadqiqot markazi aholining migratsiya, shu jumladan mehnat migratsiyasiga oid kayfiyatini o‘rganish uchun so‘rovnoma o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Uz24uz".
Tadqiqotda butun respublika bo‘yicha 18 yosh va undan katta bo‘lgan 1100 kishi ishtirok etdi. Shular orasida 49,4%i — erkalar va 50,6%i — ayollardir. Shaharlarda istiqomat qiluvchi respondentlar 50,5%ni, qishloqda istiqomat qiladiganlar- 49,5%ni tashkil qildi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2017-yilda AQShga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soni ikki barobardan ortib ketgan.
Amerikaga ko‘chib o‘tishni xohlayotganlarning aksariyati — bu Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri aholisidir.
Shu bilan birga G‘arbiy Yevropaga ketmoqchi bo‘lganlar soni o‘tgan yilgi 19,9 % ko‘rsatkichdan kamaygan — 18,8%.
1100 respondentning, ya’ni so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolarning hech biri Yaqin Sharqqa ko‘chib o‘tishni istamasligini ma’lum qilgan.
O‘zbekistonliklar uchun migratsiya borasida eng ommabop yo‘nalish — Rossiya ekanligi aniqlangan. So‘rovnomada qatnashganlarning 43,8 %i aynan Rossiyaga ishlash uchun borishni xohlashlarini bildirishgan.
O‘zbekiston fuqarolari o‘z tanlovlarini "mamlakatda qarindosh yoki do‘stlari borligi" hamda "til borasida muammo yo‘qligi" bilan izohlaganlar.