TOShKENT, 21 avg — Sputnik. Past Darg‘om tumanida yashovchi fuqaro yangi tipdagi uylar qurilishi ishlari mas’uliyatsizlik bilan amalga oshirilayotganidan shikoyat qildi, deb xabar qilgan "Zarafshon" nashri.
"…Past Darg‘om tumanida ham arzon uy-joylar qurilishi aniq bo‘lgach, tegishli hujjatlarni to‘plab "Qishloq qurilishinvest" injiniring kompaniyasi viloyat filialiga topshirdik. Shartnoma tuzildi. Joriy yilning yanvar oyida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirdik.
Gap muddatda ham emas. Biz bu uylarning sifatidan xavotirdamiz. O‘zimiz yashaydigan uyning qurilish jarayonlarini kuzatar ekanmiz, devordagi g‘ishtlarning butunidan ko‘ra, singan, darz ketganlari ko‘p ekani hayron qoldirdi bizni. Eng yomoni, ayrim devorlar qiyshiq ekani hozirdan ko‘zga tashlanib qolgan. Fisht terish tartib-qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Devorlar burchaklari orasida bir necha santimetrli ochiq joylar qolgan. Bu joylar sement qorishmasi bilan to‘ldirilishi kerak emasmi? Tag‘in deng, sement qorishmasining o‘zi, qo‘lga olsangiz uvalanib ketadi. Erta bir kun kuchsizgina yer qimirlashi ham bu devorlarni yiqitib yuborishidan qo‘rqayapmiz.
Qo‘rqayapmiz deganimizning sababi xona ichidagi pardevor (peregorodka)ni bir qo‘lingiz bilan qimirlatishingiz mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, vazni og‘irroq odam bu devorga suyansa ustiga qulashi hech gap emas. Xo‘sh, biz bu uyda ertaga qanday xotirjam yashaymiz?
Xullas, bizning uylar qurilishida ochiq-oydin mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Qurilishdagi mas’uliyatsizlik va sustkashlikdan norozilar soni ortib bormoqda. Buni eshitadigan, ishda o‘zgarish qiladigan odam bormi?", — deb yozgan fuqaro o‘z maktubida.