TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Joriy yil 11-avgust kuni Samarqand xalqaro aeroportida haj ziyoratiga qoradori va valyuta olib o‘tmoqchi bo‘lgan Shamshi Ahrorov qo‘lga olindi, deb xabar qildi Uzbekiston24 telekanali.
Xabarda aytilishicha, Samarqandlik Shamshi Ahrorov bu yil haj safariga borish nasib etgan o‘zbekistonliklardan biri bo‘lgan. Biroq u o‘zining shaytoniy nafsiga qul bo‘lib, muqaddas amalni ado etish o‘rniga Saudiya Arabistonga qoradorini yashirincha olib o‘tayotganda qo‘lga tushdi.
Muborak haj safariga borish baxtiga muyassar bo‘lgan insonlarga atrofdagilar havas bilan qarashadi. Xoji maqomiga erishishgan otaxonu-onaxonalarga ezgulik va yaxshilik timsoli sifatida beqiyos hurmat-izzat ko‘rsatiladi.
Samarqandlik Shamshi Ahrorov ham mana shunday o‘zbekistonliklar safida bo‘lishi mumkin edi.
Joriy yilda haj safariga borish nasib bo‘lgan ushbu shaxs o‘zining shaytoniy nafsiga erk berishi oqibatida ana shunday beqiyos imkonini qo‘ldan boy berdi.
Joriy yilning 11-avgust kuni Samarqand xalqaro aeroportida ham katta taraddud bilan ziyoratchilar haj safariga kuzatish ishlari tashkil qilindi.
Xususan Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan haj ziyoratchilariga bojxona nazoratidan o‘tish tartib-qoidalari batafsil tushuntirildi.
Shunga qaramay, Shamshi Ahrorov o‘zining qing‘ir niyatidan voz kechmadi.
Ushbu shaxsga tegishli bagajlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda yuklar orasida qurutilgan non bo‘laklarining nazorat rengen apparatidagi shubhali tasvirlari bojxonachilarning diqqatini tortdi.
Shundan so‘ng, xolislar ishtirokida ushbu non bo‘laklari sinchiklab tekshirilganda, ular ichiga hufiyona tarzda mohirlik bilan ikki dona polietilen o‘ramlar joylashtirilganligi fosh etildi.
Bundan tashqari, bagajlardan birining tutqichlar orasiga ham xuddi shunday o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi. O‘ramlar ochib ko‘rilganda esa ular ichidagi modda sal kam 72 gr opiy, ya’ni qoradori narkotik moddasi ekanligi aniqlandi.
Qonunbuzar shu bilan kifoyalanmagan ekan. Ko‘zdan kechirish jarayonida bagajlardan birida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 3800 AQSh dollari, qo‘l sumkasida esa 422 AQSh dollari, shuningdek, Janubiy Koreya, Malayziya, Ukraina, Qozog‘iston, Turkiya, Saudiya Arabiston, Filippin pul birliklari borligi aniqlandi.
Imon-e’tiqodini pulga alishgan, muborak Ka’ba ziyoratini tijorat safariga aylantirishga uringan Shamshi Ahrorov bu qilmishini o‘zi uchun muthish oqibatlaridan o‘z vaqtida holos bo‘lganini bilar ekanmi.
Boisi agarda u narkotik vositalarni Saudiya Arabistoniga olib kirish vaqtida fosh etilganda, ushbu mamlakat qonunchiligiga ko‘ra o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin edi.
Davlat tomonidan ko‘rsatilgan yuksak g‘amho‘rlik va berilgan ulkan imkoniyatni suiste’mol qilgan Shamshi Ahrorovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.