TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Mirziyoyev taklifidan so‘ng Afg‘oniston prezidenti O‘zbekistonga tashrifga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchisi Sayid Shahobuddin Timuriy "Jahon" axborot agentligiga O‘zbekiston mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan bildirgan qutlovi davomida aytib o‘tgan.
Elchi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida azaldan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mavjudligini aytib, ikki mamlakat ahlini tarixiy savdo aloqalari, madaniy va an’anaviy urf-odatlar bog‘lab turishi, ikki xalq bitta darodan suv ichishini ta’kidlab o‘tgan.
"Albatta, mamlakatlarimiz rahbarlari o‘rtasida xalqaro anjumanlar doirasida o‘tkazilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, turli vazirlik va idoralar o‘rtasida olib borilayotgan muzokaralar hamda kelishuvlar savdo va iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi va kengayishini ta’minlamoqda.
Elchi fursatdan foydalanib, mustaqillikning 26-yilligi munosabati bilan o‘zbek xalqiga samimiy tabriklarini va ezgu tilaklarini yo‘llagan.
"O‘lka farovonligi va yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati elning g‘ayrat va shijoatiga bog‘liqdir, shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbariyati va uning mehnatkash xalqiga bu borada katta zafarlar tilayman.
Bu shonli yo‘lda aslo tolmang, aziz birodarlar! Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!"